«Noinsof firibgar» yoxud bir fuqaroni qayta-qayta aldagan jinoyatchi qoʻlga olindi

    Firibgar jabrlanuvchini aldab ikki marta uning nomiga onlayn kredit olgan va pullarni oʻzlashtirib yuborgan.

    Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida yashovchi 59 yoshli U.T. IIOga murojaat qilib, oʻzining nomiga nomaʼlum sabablarga koʻra onlayn kredit olinib, pullari oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.

    Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida yashovchi 24 yoshli I.S. sodir etganligi aniqlandi.

    Unga koʻra, jabrlanuvchi U.T. gumonlanuvchi I.S.dan “TBS bank” ilovasi orqali onlayn mikroqarz olib berishini iltimos qilgan va U.T.ning nomidan mobil ilova orqali roʻyxatdan oʻtib, 8.099.000 soʻm onlayn kredit rasmiylashtirib, oʻsha vaqtning oʻzida pullarni oʻzining bank kartasiga oʻtkazib olgan va unga “Sizga kredit berishmadi” deb aldagan.

    Bundan xabar topgan, jabrlanuvchi U.T., I.S. bilan uchrashib, nima sababdan bunday qilganligi aytib pullarni qaytarishni soʻraganida I.S. uning nomiga olgan kreditini yopib berishini aytib, bank kartasini olib, U.T.ning nomiga “Asaka bank” mobil ilovasi orqali 20 mln. soʻm takroran onlayn kredit olib, jami 28.099.000 soʻm pullarni talon-toroj qilganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan I.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3-yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.