Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalari uchun ayrim nomli davlat stipendiyalari joriy etilganligi munosabati bilan 1993-yil 5-fevraldagi PF–555-son farmonga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, mazkur farmon 2-bandi tahrirlanib, nomli davlat stipendiyalarning yo‘nalishlar kesimidagi ro‘yxati yangilandi.
Jumladan, Prezidentning PQ–414-son hamda PQ–20-son qarorlariga muvofiq ro‘yxatga tarix va geografiya yo‘nalishlarida – Bobur, jismoniy madaniyat va sport yo‘nalishlarida – Pahlavon Mahmud nomli stipendiyalari kiritilib, ularning soni 12 taga yetdi.
Nomli davlat stipendiyalarning yo‘nalishlar kesimidagi ro‘yxati:
- texnika yo‘nalishlarida – Beruniy;
- tibbiyot yo‘nalishlarida – Ibn Sino;
- gumanitar yo‘nalishlarda – Navoiy;
- tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida – Kamoliddin Behzod;
- tabiiy yo‘nalishlarda – Ulug‘bek;
- kinematografiya yo‘nalishida – Xudoybergan Devonov;
- tarix va geografiya yo‘nalishlarida – Bobur;
- jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida – Pahlavon Mahmud;
- O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida – Imom al-Buxoriy;
- Qoraqalpog‘istondagi oliygohlarda – To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov;
- barcha yo‘nalishlarda – Islom Karimov nomli davlat stipendiyalari.