Noqonuniy dori vositalari bilan "toʻldirilgan" omborxona fosh etildi

    Namangan viloyatida 1,2 mlrd soʻmlik tegishli hujjatlarsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar saqlanayotgan omborxonalar aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldini olish borasida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.P. Namangan shahridagi “Lola” hamda “Ozod” MFY hududida joylashgan 2 ta tovarlar saqlash omborini ijaraga olib, ushbu omborxonalarda tegishli hujjatlari boʻlmagan umumiy bahosi 1,2 mlrd soʻmlik turli nomdagi dori vositalari va tibbiy buyumlarni kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, mazkur dori vositalari va tibbiy buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.