Noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi

    Qashqadaryo viloyatida 311,5 mln soʻmlik hujjatsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotuvga qoʻygan dorixona aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahar boʻlimi, DXX va viloyat bojxona boshqarmalari xodimlari hamkorligida dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldini olish borasida oʻtkazilgan tezkor tadbirda yakka tartibdagi tadbirkor J.A. tegishli tartibda litsenziya olmasdan Qarshi shahri A.Oripov koʻchasida oʻzboshimchalik bilan dorixona tashkil qilib, dorixonada tegishli hujjatlari boʻlmagan 269 turdagi 311,5 mln soʻmlik turli nomdagi dori vositalari va tibbiy buyumlarni kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.