Noqonuniy gaz sarfini kamaytirish maqsadida 471 ta AGTSH raqamli tizimga ulandi

    Joriy yil boshidan buyon oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida 1 394 ta isteʼmolchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

    Bu haqda Oʻzenergoinspeksiya axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, mamlakat boʻylab oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida:

    • 118,8 million kub metr tabiiy gaz (294,8 milliard soʻm);
    • 197,1 million kilovatt-soat elektr energiyasi (327,5 milliard soʻm) noqonuniy toʻldirilgani va ishlatilgani oqibatida davlat manfaatlariga jami 622,4 milliard soʻm zarar yetkazilgan.

    Xususan, 2023–2025-yillarda avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalarida oʻtkazilgan tezkor nazorat tadbirlari davomida 182 ta holatda 457,8 million kub metr (755,2 milliard soʻmlik) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

    Maʼlumot uchun: ushbu miqdordagi gaz 91 419 ta xonadonning yillik isteʼmoliga teng.

    Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida 471 ta AGTSH raqamli nazorat tizimiga ulandi.

    Aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilib, belgilangan tartibda choralar koʻrilmoqda“, deyiladi xabarda.