Noqonuniy import bilan shugʻullanayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi
Bugungi kunda yurtimizda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari uchun bojxona sohasida koʻplab qulayliklar yaratilgan.
Xususan, sohada amaliyotga joriy etilgan “raqamli bojxona” doirasidagi “xavfni boshqarish” tizimi imkoniyatlari yordamida eksport-importga rasmiylashtirilayotgan yuklar “yashil” va “sariq” yoʻlaklar orqali soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan rasmiylashtirilmoqda.
Shu bilan birga respublikamizda “yashirin iqtisodiyot”ning ulushini keskin qisqartirish maqsadida bojxona organlarining tezkor tarkibiy tuzilmalari tomonidan olingan maʼlumotlar tahlili asosida katta miqdordagi tovar moddiy boyliklarini noqonuniy importi bilan shugʻullanuvchi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi bir nechta MCHJlarning rasmiy va norasmiy rahbarlari, ularning noqonuniy faoliyatida ishtirok etuvchi fuqarolar tezkor tarkibiy tuzilmalar tomonidan kuzatuvga olindi. Tezkor kuzatuvlar davomida birlamchi shubhalar oʻz tasdigʻini topdi.
Joriy yilning 4-oktyabr kuni, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga karshi kurashish va bojxona auditi hamda Korrupsiyaga karshi kurashish va oʻz xavfsizlik boʻlimlari tomonidan “Chuqursoy” bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Davlat byudjetiga bojxona toʻlovlarini toʻlamaslik maqsadida yirik miqdordagi import tovarlarni past stavkali tovarlarga almashtirish bilan shugʻullanib kelgan, puxta oʻylangan jinoiy sxemaga asoslangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.
Maʼlum boʻlishicha, oldindan tuzilgan rejaga koʻra tashkilot nomiga xorijdan import qilingan yuqori stavkali generator, suv purkagich, changyutgich, kiryuvgich kabi qimmatbaho xoʻjalik uskunalari va qurilish anjomlari “vaqtincha saqlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, oʻz omborida yuqoridagi tovarlar oʻrniga jinoiy guruh aʼzolari tomonidan soxta yoʻl-yuk kuzatuv xujjatlarida koʻrsatilgan qulf, elektrod, tokqaychi va arra kabi 16 turdagi tovarlarga almashtirilayotgan vaqtda toʻxtatib qolindi.
Buni qarangki, yuk egalari ushbu jinoyatni amalga oshirish uchun jinoiy guruhga 20 nafar shaxslarni yollab, har birining vazifalarini taqsimlashgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra yoʻl-yuk hujjatlarida koʻrsatilmagan va ashyoviy dalil sifatida olingan 31 turdagi 4214 dona tovarlarning umumiy qiymati 5 milliard soʻmni tashkil etishi maʼlum boʻldi.
Jinoiy guruhning gʻaraz maqsadlari amalga oshganda edi, davlatimiz gʻaznasiga bor-yoʻgʻi 1 milliard soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari undirilib,
4 milliard 500 million soʻmlikdan ortiq zarar yetkazilar edi.
Mazkur aniqlangan qonunbuzarlik holati yuzasidan hozirda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati esa bojxona auditidan oʻtkaziladi.