Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi noqonuniy kontent aniqlangandan keyin 24 soatda veb-sayt egasiga yoki onlayn-platforma foydalanuvchisiga yoki ommaviy hamjamiyat moderatoriga uni oʻchirish, tarqatishni toʻxtatish toʻgʻrisida koʻrsatma yuboradi.
Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan «Onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida«gi qonuni loyihasi muhokamaga qoʻyilgan.
Loyihada taʼkidlanishicha, koʻrsatma yuborilgan masʼul unda koʻrsatilgan noqonuniy kontentni oʻchirishga, tarqatilishini toʻxtatishga majbur va 12 soatdan kechiktirmay bu haqida vakolatli organni xabardor qilishi shart.
Veb-sayt egasi talablarni bajarmasa Oʻzbekistonda ushbu veb-saytga kirishni cheklash choralari koʻriladi.
Foydalanuvchi yoki ommaviy hamjamiyat moderatori talablarni bajarmasa, onlayn-platforma mulkdoriga noqonuniy kontentni oʻchirish, tarqatilishini toʻxtatish toʻgʻrisida 24 soatda koʻrib chiqilishi shart boʻlgan taqdimnoma yuboradi.
Foydalanuvchi yoki moderator muntazam (yil davomida 3-martadan ortiq) noqonuniy kontentni oʻchirish, tarqatilishini toʻxtatishga oid koʻrsatmani bajarmasa, uning akkaunti yoki ommaviy hamjamiyatning Oʻzbekistondagi faoliyatini 6 oygacha toʻxtatish toʻgʻrisida taqdimnoma yuboriladi.
Onlayn-platforma mulkdori kontentni oʻchirish yoki faoliyatni toʻxtatishga oid taqdimnomalarni qanoatlantirmasa, vakolatli organ 1 oyda mazkur talablar bilan sudga daʼvo kiritishi mumkin.