Noqonuniy qurilmalarni buzishga oid ishlarni koʻrib chiqish tartiblari belgilanmoqda

    Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yer resurslaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, yerlarni noqonuniy egallab olishning oldini olish, yer qonunchiligiga rioya qilishga xizmat qiladi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

    — Ushbu qonun loyihasi bilan yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik bilan bogʻliq qilmishlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda, — dedi deputat Dilorom Imomova. — Xususan, Jinoyat, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Jinoyat-protsessual kodekslarida yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish bilan bogʻliq jinoyatlar prokuratura organlarining tergoviga taalluqli ekani belgilanmoqda.

    Bundan tashqari, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari cudlarda oʻzboshimchalik bilan egallangan davlat egaligidagi yer uchastkalarini qaytarish hamda noqonuniy qurilmalarni buzib tashlashga oid ishlarni koʻrib chiqishning alohida tartibini belgilovchi normalar bilan toʻldirilmoqda. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari fuqarolik va iqtisodiy sudlarga yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi bilan bogʻliq ariza kiritganda, davlat bojidan ozod etilishi belgilanmoqda.

    Deputat qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash davomidagi oʻzgarishlar haqida ham batafsil maʼlumot berdi.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.