Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi koʻprik qurilmoqda

    Siyosat 16 Sentabr 2025 454

    Prezident Namanganda yoʻl, ichimlik suvi, uy-joy kabi hayotiy zarur infratuzilmani rivojlantirish ham eng dolzarb masalalardan ekanini taʼkidladi.

    Uychi, Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlari aholisini viloyat markazi va boshqa tumanlar bilan bogʻlovchi asosiy yoʻldagi tirbandlik qiynab kelayotgan edi.

    Shu bois, 63 milliard soʻm hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi koʻprik qurilmoqda. Uychi orqali Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlari markaziga yetib borish 20-25 kilometrga, Norindan Baliqchiga 35-40 kilometrga qisqaradi.

    Viloyat aholisi talabini inobatga olib, Qoradaryo ustidagi 63-yil oldin qurilgan Namangan va Andijon viloyatlarini bogʻlovchi 180 metrli eski koʻprikni rekonstruksiya qilish boshlandi. Buning natijasida transport qatnovi 2 barobar oshadi, yoʻlga ketadigan vaqt 1,5 karra qisqaradi, tirbandlik keskin kamayadi.

    Mutasaddilarga Namangan xalqi uzoq yillardan buyon kutayotgan mana shu 2 ta koʻprikni kelgusi yilda ishga tushirish, 694 kilometr yoʻl va mahallalardagi 7 ta kichik koʻprikni taʼmirlashni esa joriy yilda yakunlash topshirildi.

    Viloyat markazini poytaxt bilan bogʻlaydigan, kuniga 15 ming transport harakatlanadigan “Pungon-Namangan” yoʻlining 75 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Bu yoʻl 246 million dollar hisobiga 4 tasmali, beton qoplamali qilib quriladi, 34 ta koʻprik, 22 ta piyodalar oʻtish joylari barpo etiladi.