Norin daryosi ustiga yangi koʻprik qurilishiga tamal toshi qoʻyildi

    Uychi tumani orqali Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlarini Namangan shahri bilan bogʻlovchi 17,5 km.li yangiyoʻl va Norin daryosi ustida 482 metrlik koʻprik qurilmoqda.

    Mazkur loyiha Respublika yoʻl qurilish direksiyasi buyurtmachiligida bosh pudratchi “Toshkent koʻpriklardan foydalanish” DUK tomonidan amalga oshiriladi. Jami obyektning qiymati 184,9 mlrd soʻmni tashkil etadi.

    Taʼkidlash joiz, ushbu loyiha sharofati bilan Uychi, Norin tumanlarida transport tirbandliklari va kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yoʻl-transport hodisalari oldi olinib, 100 dan ziyod MFYlarda yashovchi 450 ming aholi va 100 dan ortiq tadbirkorlik subyektlariga yanada qulaylik yaratiladi.

    Tamal toshi qoʻyishga bagʻishlangan tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov soʻzga chiqib, ushbu koʻprikning ahamiyatiga eʼtibor qaratdi. Bu yoʻl va koʻprik xalqimizga uzoq yillar xizmat qilishini tiladi.

    Jonliq soʻyilib, yangi koʻprik qurilishiga nuroniylar ishtirokida “oq fotiha” berildi.

    Viloyat rahbari hamda nuroniylar tomonidan koʻprik qurilishiga dastlabki tamal toshi qoʻyildi.