Qarorga koʻra, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari quyidagicha ilmiy ekspertizadan oʻtkaziladi:
- qonun loyihalari boʻyicha — tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy- tadqiqot muassasalari tomonidan begʻaraz asosda;
- qonunosti hujjatlari loyihalari boʻyicha — tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy taʼlim muassasalari tomonidan kelishuv asosida.
Bunda, normativ-huquqiy hujjat loyihasini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha xulosa tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlib, xulosa loyihani ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan koʻrib chiqiladi.
Loyihani ishlab chiquvchi tashkilot ilmiy ekspertiza xulosasida koʻrsatilgan taklif, eʼtiroz va fikr-mulohazalar yoki ularning bir qismini inobatga olmagan taqdirda, ular yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan holda kelishmovchiliklar jadvalini tayyorlaydi.
Adliya vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazuvchi tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy taʼlim muassasalarining elektron reyestri yuritiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy ekspertizasi natijalari boʻyicha xulosa Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali taqdim etiladi.









