Nosoz avtobusni yo‘nalishga chiqargani uchun navbatchi mexanik ishdan olindi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida texnik nosoz holatda yo‘lga chiqqan avtobus eʼtirozlarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” izoh berdi.

    Qayd etilishicha, shahardagi “7-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi, MAN rusumli 94-sonli avtobus haydovchisi SH.SH. o‘ziga biriktirilgan avtobusni orqa oynasini ehtiyotsizlik oqibatida sindirib olgan.

    Oqibatda o‘z xizmat vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondoshgani va avtobusni nosoz holatda yo‘nalishga chiqargani uchun navbatchi mexanik SH.S. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

    Bundan tashqari “7-Avtobus saroyi” bosh muhandisiga xayfsan intizomiy chorasi ko‘rilgan.

    “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan “7-Avtobus saroyi” filiali mutasaddi rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi hamda barcha ishchi xodimlarga navbatdan tashqari yo‘riqnoma o‘tkazildi. Yo‘lovchilarni xavfsiz tashish va ularni o‘z manzillariga sog‘-omon yetkazib qo‘yish eng oliy maqsadimiz ekanligi yuzasidan yana bir bor tushuntirish ishlari olib borilganini maʼlum qilamiz”, deyiladi xabarda.