Shu bois, "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta'minoti filialining servis xizmatini rivojlantirish bo‘limi tomonidan aholi va ulgurji iste'molchilarning gaz jihozlari nazoratdan o‘tkazilib, foydalanish uchun xavfsiz holga keltirilmoqda.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatidagi aholi va ulgurji iste'molchilarning foydalanishda bo‘lgan jami gaz jihozlari soni 408 ming 960 tani tashkil etadi. Joriy yilning noyabr oyida viloyat bo‘yicha jami 20 ming 147 ta xonadon va ob'ektlardagi 23 ming 132 ta gaz jihozlarining ishlash holati nazoratdan o‘tkazildi.
Shundan 17 ming 279 ta aholi xonadonlarida mavjud gaz jihozlari texnik, 4 ming 024 ta xonadondagi uskunalar esa profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, gaz ta'minoti korxonasi bilan tegishli tartibda shartnoma tuzgan 98 ta ulgurji obyektlardagi foydalanishda bo‘lgan gaz jihozlari ham ko‘rikdan o‘tkazilib, xavfsizligi ta'minlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 2-ilovasida “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari” keltirib o‘tilgan.
Unda gazdan foydalanish uskunalarini iste'molchilarning yozma yoki elektron buyurtmalari asosida gaz ta'minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlangan tariflar bo‘yicha ta'mirlash muddatlari bayon qilingan bo‘lib, xizmat ko‘rsatish muddati holatning xavflilik darajasiga qarab belgilanadi. YA'ni iste'molchi xonadonida tabiiy gaz sizib chiqish holati kuzatilsa, soha xodimi darhol borib xizmat ko‘rsatishi kerak.
Ovqat tayyorlash yoki isitish mavsumida isitish uchun mo‘ljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida bir kun davomida xizmat ko‘rsatiladi. Issiq suv va isitish uchun mo‘ljallangan gazdan foydalanish uskunalarining nosozligida (isitish mavsumidan tashqari vaqtda) - ikki kun, gazdan foydalanish uskunalarini almashtirishda esa besh kun davomida xizmat ko‘rsatilishi zarur.