Nosoz mobil tyelefonning puli olib berildi

    Mamlakatimizda 15 Iyul 2020 1915

    “Samsung Galaxy 10” rusumli uyali aloqa qurilmasini xarid qilishni xohlaydiganlar ozchilikni tashkil etmasligi rost gap, lekin buning uchun anchagina katta mablagʻdan voz kechishga toʻgʻri keladi.

    Bizning isteʼmolchi ham mazkur mablagʻni jamgʻarib, “Malika” savdo markazidan “Samsung Galaxy 10” rusumli aloqa qurilmasini 5 500 000 soʻm evaziga 1 yillik kafolat bilan sotib oladi. Maʼlum muddat oʻtgach, u mobil aloqa vositasidan foydalanganda va quvvatlantirishda uning juda ham qizib ketayotganligini payqab qoladi.

    Biroq “Malika” savdo markazida joylashgan doʻkon vakillari, isteʼmolchining murojaatiga yetarlicha eʼtibor bermaydi. Qaysi tashkilotga murojaat etishni bilmagan isteʼmolchi, Prezident virtual qabulxonasi orqali oʻz murojaatini qoldirishga qaror qiladi. Natijada, Agentlikning Toshkent shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmasi xodimlari tomonidan holat yuzasidan oʻrganishlar amalga oshirildi.

    Doʻkon sotuvchilari mobil uyali aloqa qurilmasining nosozligini tasdiqlashdi, shundan soʻng qurilma uchun toʻlangan 5 500 000 soʻm miqdoridagi mablagʻ isteʼmolchiga qaytarilishiga erishildi.