Notarius doimo nohaq bo'laveradimi?

    Ijtimoiy hayot 18 Oktabr 2020 1222

    YAqinda shunday holat Buxoro viloyatida sodir bo'ldi.

    Buxoro viloyati adliya boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasining 2020 yil 10 sentyabrdagi 1-son majlisi qarori bilan “fuqaroning o'z nomiga uy-joy sotib olish uchun bergan ishonchnomani tasdiqlashda notarius tomonidan ishonchnoma beruvchi shaxsning energiya resurslari, suv ta'minoti va suv chiqarish, shuningdek qattiq maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun qarzdorligi Majburiy ijro byurosi ma'lumotlar bazasi orqali tekshirilmagan” degan vaj asosida xususiy amaliyot bilan shug'ullanuvchi notarius Zulfiya Rozievaning faoliyati vaqtincha to'xtatilgan.

    O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 maydagi 379-sonli qaroriga ko'ra majburiy to'lovlar bo'yicha qarzdorlikni tekshirish jismoniy shaxslarga — ko'chmas mulk ob'ektlari mulkdorlariga va qarzdor - ko'chmas mulk mulkdorining turar joy manzili bo'yicha doimiy propiska qilingan shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi.

    Shunga ko'ra, fuqaro tomonidan o'z nomiga uy-joy sotib olish uchun ishonchnoma berilishi – bu hali uy-joysotib olindi degani emas, unga mulkdorlik huquqini bermaydi va u mulkdor hisoblanmaydi va bu holatda qarzdorlikni tekshirish shartligi haqidagi qonunchilik normasi tatbiq etilmaydi.

    Shunga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Notarial palata a'zosi – notarius Z.Rozieva manfaatida unga nisbatan jazo qo'llash yuzasidan qabul qilingan Malaka komissiyasining asossiz qarorini bekor qilish haqidagi shikoyati O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi tomonidan qanoatlantirildi va Buxoro viloyati adliya boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasi qarorining notarius litsenziyasini to'xtatish haqidagi qismi bekor qilindi.

    Notarial palata matbuot xizmati