Notoʻgʻri hisoblangan toʻlov isteʼmolchiga qaytarildi

    Tashvishli xabar 7 Sentabr 2020 560

    Guliston shahar maktabgacha taʼlim boʻlimiga tabiiy gaz uchun hisoblangan 2 baravar qimmat toʻlov qaytarildi.

    Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasiga Sirdaryo viloyati Guliston shahri maktabgacha taʼlim boʻlimi murojaat qilgan.

    Murojaatda “Oʻztransgaz” AJ Sirdaryo viloyati boʻyicha gaz taʼminoti hududiy filiali tomonidan 2018-yil noyabr va dekabr oylari uchun isteʼmol qilingan tabiiy gaz hajmlari narxiga oshiriluvchi 2 koeffitsent qoʻllanilganligi holatini asosliligini oʻrganib chiqishda amaliy yordam berilishi soʻralgan.

    Oʻrganish jarayonida quyidagilar aniqlangan:

    2018-yil 22-yanvardagi “Oʻztransgaz” AJ Sirdaryo viloyati boʻyicha gaz taʼminoti hududiy filiali va Guliston shahar maktabgacha taʼlim boʻlimi oʻrtasida tuzilgan 01/01-0046-sonli shartnomaga 2018-yil 4-mayda 1-son bilan qoʻshimcha shartnoma tuzilib, noyabr oyi uchun 62 124 kub metr, dekabr oyi uchun 69 758 kub metr tabiiy gaz hajmi belgilanib, Guliston shahri gʻaznachilik boʻlimidan roʻyxatdan oʻtkazilgan.

    Lekin, “Oʻztransgaz” AJ Sirdaryo viloyati boʻyicha gaz taʼminoti hududiy filiali tomonidan Guliston shahri gʻaznachilik boʻlimidan roʻyxatdan oʻtkazilmagan 2018-yil 30-apreldagi noyabr va dekabr oyiga gaz hajmi belgilanmagan maʼlumotlarni tabiiy gazni hisobini yurituvchi “Fossa” dasturiga kiritilganligi oqibatida, noyabr oyiga 62 124 metr kub 37 274 400 soʻm, dekabr oyida 69 758 metr kub 41 854 800 soʻm jami 79 129 200 soʻm amalda isteʼmol qilingan tabiiy gazni 2 koefitsentdan avtomatik hisoblab, Guliston shahar maktabgacha taʼlim boʻlimidan 79 129 200 soʻm miqdorida asossiz daromad olgan.

    Ushbu holat hududiy boshqarmaning maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Qonuni 13-moddasi boʻyicha qonunbuzarlik aniqlanib, asossiz olingan 79 129 200 soʻmlik daromadni Guliston shahar Maktabgacha taʼlim boʻlimiga qayta hisob-kitob qilish toʻgʻrisida tegishli qaror chiqarilib, koʻrsatma berilgan.

    Biroq, “Oʻztransgaz” AJ Sirdaryo viloyati boʻyicha gaz taʼminoti hududiy filiali tomonidan maxsus komissiyaning koʻrsatmasi belgilangan muddatda bajarilmaganligi sababli, mazkur masala yuzasidan iqtisodiy sudga daʼvo ariza kiritildi. Ishni sudda koʻrib chiqish jarayonida “Oʻztransgaz” AJ Sirdaryo viloyati boʻyicha gaz taʼminoti hududiy filiali tomonidan Guliston shahar Maktabgacha taʼlim boʻlimiga 79 129 200 soʻm asossiz hisoblanganligi tan olinib, pullar qayta hisob-kitob qilindi.