Tashrif davomida mehmonlar Markaziy Osiyo va Afgʻoniston orasida yagona tovar ayirboshlash markazi boʻlgan “Termiz xalqaro savdo markazi”, “Ayritom free zone”ga tashrif buyurib u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Markaziy Osiyodagi birinchi erkin savdo zonasi Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegarasida, Termiz tumani hududida joylashgan boʻlib, qiymati 70 mln AQSH dollarni, umumiy maydoni 36 gektarni tashkil etadi. Hududda mehmonxona, tibbiyot klinikasi, biznes maktabi, yirik savdo va xizmat koʻrsatish markazi, restoranlar, xostel hamda yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega logistika markazi hamda ishlab chiqarish korxonalari joylashgan.
Tashrif davomida mehmonlar markazda Biznes maktabi, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika va zargarlik mahsulotlari shourumlari hamda logistika markazi va boshqa bir qator obyektlar, shuningdek, zonada yaratilgan sharoitlari, imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishishdi.
Markaz hududida barcha davlat fuqarolarining 15 kun davomida viza rasmiylashtirmasdan kirish va chiqish hamda multivalyuta bilan savdo qilish yoʻlga qoʻyilganligi kelgusida zonadagi mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda Oʻzbekiston va Rossiya, xususan, Surxondaryo va Novosibirsk oʻrtasida tovar ayrboshlash hajmini oshirishga zamin yaratishi qayd etildi.
Ushbu tashrif Surxondaryo va Novosibirsk viloyatlari oʻrtasida tovar ayrboshlash hajmini oshirishga zamin yaratishi umid qilinmoqda.