Mehmon oʻzida ikkita yirik sanoat korxonasini – “Abinskiy ElektroMetallurgicheskiy zavod” MCHJ (Krasnodar oʻlkasi) va “Metallurgicheskiy Zavod Balakovo” AJni (Saratov viloyati) birlashtiruvchi “Novostal-M” metallurgik xoldingining faoliyati haqida soʻzlab berdi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,7 million tonnadan ortiq boʻlgan xolding asosan qurilish va fason prokatini, katanka, turli qoplamali simlarni ishlab chiqaradi.
Mahalliy qurilish kompaniyalari Rossiya kompaniyasining armaturasidan foydalanyapti va u haqida ijobiy fikr bildiryapti. Hozirgi kunda “Novostal-M” Oʻzbekiston bozoriga faol kirib kelyapti. Kompaniyaning Toshkentda ofisi ochilgan, omborxonalar qurilgan. “Biroq biz hamkorlikni kengaytirishga intilamiz, xususan, poʻlat buyumlarni ishlab chiqarishni tashkil qilishni rejalashtirganmiz”, – deya qoʻshimcha qildi Ivan Demchenko.
Bunga javoban Sharof Rahmonov quyidagilarni taʼkidladi: Toshkent jadal ravishda kengaymoqda, unda mehmonxona biznesi obyektlari, biznes-markazlari yetishmovchiligini qoplash uchun keng koʻlamli qurilish olib borilyapti. Shuning uchun, qurilish sohasiga bogʻliq barcha tashabbuslar biz uchun qiziq. Toshkentda “Novostal-M” vakolatxonasining ochilishi kompaniya niyatlarining jiddiyligidan dalolat beradi va hokimlik metallurgiya ishlab chiqarishini ishga tushirish boʻyicha koʻmak beradi.
Taraflar Oʻzbekiston bozorini oʻrganish natijalariga asosan “Novostal-M” aniq takliflar bilan chiqishiga kelishib oldilar.
Endi Toshkentda metallurgiya ishlab chiqarishi boʻyicha aniq bosqichlarni belgilab olish uchun ishchi uchrashuvlar davom etadi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.