Ushbu vazifani amalga oshirishda universitetda oʼquv-ilmiy faoliyat bilan shugʼullanishni yanada takomillashtirish, professoroʼqituvchilarning Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy texnik bazalaridagi jurnallarda maqolalar chop etishini faollashtirish va ularni munosib ragʼbatlantirish, universitet akademik nufuzini oshirish maqsadida taʼlim jarayoniga xorijlik malakali mutaxassislarni jalb etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, nafaqat talabalar, balki universitet xodimlarining xorijiy tillarni bilish darajasini oshirish boʼyicha tizimli ishlar yoʼlga qoʼyilgan. Muxtasar aytganda, soʼnggi bir yarim yil mobaynida bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi. Аna shu ishlarning ilk natijalari bugun oʼz samarasini bera boshladi. Xususan, universitet tomonidan Buyuk Britaniyadagi Times Higher Education tashkilotining bir nechta yoʼnalishlardagi reytinglarida ishtirok etish uchun ariza topshirildi. Kuni kecha eʼlon qilingan THE Impact Ranking ham ushbu tashkilotning nufuzli reytinglaridan hisoblanadi.
Taʼkidlash kerak, Times Higher Education tashkilotining “THE Impact Rankings” reytingi dunyo mamlakatlari universitetlari tomonidan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etish yoʼlidagi muvaffaqiyatlarini baholaydi. Ushbu reytingda Toshkent davlat yuridik universiteti dunyoning 94 ta mintaqa va davlatlaridan qatnashgan mingdan ortiq universitetlar orasida 401-oʼrinni egalladi. TDYuU mazkur reytingda ishtirok etgan mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari orasida eng yuqori natijani qayd etdi.
Universitetimiz “THE Impact Rankings”ning yettita: taʼlim sifati, gender tengligi, munosib ish joyi va iqtisodiy oʼsish, sanoat, innovatsiya va infratuzilma, tengsizlikni qisqartirish, tinchlik, adolat va kuchli institutlar, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʼlidagi hamkorlik yoʼnalishlarida ishtirok etib, yaxshi natijalarni qayd etdi.
Аlbatta, biz ushbu natijalar bilan cheklanib qolmasdan, bu boradagi ishlarimizni davom ettirib, xalqaro QS va THE tashkilotlarining mintaqaviy va global reytinglarida ham ishtirok etish boʼyicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Аyni paytdagi ishtirokimiz nufuzli reytinglarda qatnashishga yoʼl ochadi.
Nodirbek SАLАYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektori