Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi matbuot xizmatining xabariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” DUK Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi hamda “Granit Montaj Stroy” MCHJ Nukus shahri markazida qurilayotgan Nukus city qurilishida 246,1 million soʻmlik byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilgan.

Ushbu ikkita korxona oʻrtasida Nukus shahri, A.Shamuratova koʻchasi avtomobil yoʻlining asfalt qoplamasini qayta tiklash va Nukus shahrida joylashgan “Nukus city” markazidagi koʻp qavatli uylarning suv va kanalizatsiya tarmoqlarini taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha 2020-yil 18-sentyabr kuni qiymati 3 milliard 567 million 700 ming soʻmlik pudrat shartnomasi tuzilgan.

Mazkur shartnomaga asosan “Granit Montaj Stroy” MCHJ tomonidan qiymati 236,5 million soʻmlik asfalt qoplamasi va qiymati 9,6 million soʻmlik suv tarmoqlarini taʼmirlash ishlari toʻliq bajarilmagan boʻlishiga qaramasdan, bajarilganligi haqida rasmiy hujjat hisoblangan hisob-fakturalarga soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritilib, jami 246,1 million soʻmlik byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilinganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari Nukus shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Ye.Qanoatov