Bugun, 15-noyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qoraqalpoq mumtoz adabiyotining yorqin namoyondasi Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining 200-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan Ajiniyoz muzeyining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda mutasaddi rahbarlar, Turkiya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon kabi davlatlarning, shuningdek, respublikamizning mashhur olimlari, professorlar, nuroniy ustozlar, adabiyotga ixlos qoʻygan yoshlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muzeyga kelgan har qanday inson Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va ijodi toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻladi. Qoraqalpoq xalqining milliy kiyimlari, musiqa asboblari, uy-roʻzgʻor buyumlari, madrasalarda oʻqitilgan kitoblarning nusxalari shoir yashagan davr nafasini yuzaga keltiradi.
Muzeyda eng asosiy koʻzga tashlanadigani – bu Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining shajarasi. Mazkur shajara institutning qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi katta oʻqituvchisi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Marat Yesebayev tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining samarasi boʻlib, shu kungacha ishlangan shoir avlodlarining bir butun tizimlashtirilgan koʻrinishi hisoblanadi.