Nukus shahrida “HealthTech AI Hackathon” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

    Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nukus shahrida “HealthTech AI Hackathon” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

    Ushbu tanlovda 44 ta jamoa, 300 dan ortiq ishtirokchi kelajak tibbiyoti uchun yechim izlab, bir maqsad yoʻlida birlashdi. Raqamli vositalar orqali inson hayotini saqlab qolish, tashxisni yanada aniq va davolashni yanada qulay qilish haqida bosh qotirdi.

    «Aslida ularning har birining oʻziga xos hayotiy hikoyasi, shu davraga qoʻshilishiga turtki boʻlgan shaxsiy sabablari bor. Koʻpchilik Hackathonʼga mukofot uchun emas, balki yaqinlarining ogʻrigʻini his etgani va ularning hayotini oʻzgartiruvchi chora topishni istagani uchun kelgan. Shu bois ham ularning koʻzlari yonib turibdi, amaliy natijalarning samarali va manfaatli boʻlgani ham shundan», deydi Saida Mirziyoyeva

    Endilikdagi umumiy maqsadimiz — bu loyihalarni toʻxtatib qoʻymaslik, ularni yakuniga yetkazish, rivojiga koʻmaklashish va investorlarni jalb etishda yordamlashish zarurligi taʼkidlandi.

    Saida Mirziyoyeva ishtirokchilar orasida oʻz gʻoyalarini dadil himoya qilayotgan, noyob mahsulotlar yaratayotgan va murakkab texnologiyalarni ishonch bilan oʻzlashtirayotgan qizlar koʻpligidan mamnunligini bildirdi.

    “HealthTech AI Hackathon” — mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladigan keng koʻlamli “AI Hackathon” umummilliy loyihasining bir qismidir. 2026-yil yakuniga qadar unda minglab yosh mutaxassislar qatnashadi.

    Qayd etilishicha, keyingi bosqich Samarqandda oʻtkaziladi!