Nukus shahrida Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti markazi ochildi

    Shu yilning 20-21-oktyabr kunlari Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyati markazi tashabbusi bilan Nukus shahrida Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari oʻtkazildi.

    Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi huzuridagi madaniyat qoʻmitasi raisi, deputat Ganira Pashayeva, Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyati markazi direktori Samir Abbasov rahbarligidagi delegatsiya vakillari ishtirokida Husayn Jovid nomidagi Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Markazda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari, adabiyot, madaniyat, sanʼat, tarix yoʻnalishlarida ikki davlat mushtarakligini aks ettirgan, shu bilan birga, qardosh ozarbayjon xalqining milliy kiyimlari, sanʼat namunalari, badiiy kitoblaridan iborat koʻrgazmalar, foydali manbalar joy olgan.

    — Tadbir doirasida delegatsiya aʼzolari institut rektori Bayram Otemuratovning qabulida boʻlib, Ozarbayjon Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilish, ayniqsa, akademik mobillik, ilmiy-pedagogik yoʻnalishlarda samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi masalalar muhokama qilindi, — deydi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot kotibi Islam Matekov. — Shuningdek, Ozarbayjon delegatsiyasi qoraqalpoq adabiyoti, sanʼati, madaniyati hamda tarixiga oid koʻpgina asarlar, ayniqsa, Ajiniyoz, Berdaq, Ibroyim Yusupov, Toʻlepbergen Qayipbergenovning asarlari, qoraqalpoq xalq dostonlari, folklor asarlarini yaxshi bilishi, shu yoʻnalish boʻyicha ikki tomonlama ilmiy faoliyatni olib borish uchun oʻz takliflarini bildirdi.

    Tadbir soʻnggida institutning qobiliyatli talaba yoshlari hamda Ozarbayjon Respublikasidan kelgan sanʼat namoyandalari ishtirokidagi konsert dasturi tashkil etilib, unda qoraqalpoq, oʻzbek va ozarbayjon xalqlarining doʻstligi haqidagi milliy kuy-qoʻshiqlar, raqslar ijro etildi.

    Minajatdin QUTLIMURATOV,

    Yangi Oʻzbekiston muxbiri