Nukus shahri bosh rejasining loyihasida 2040-yilgacha boʻlgan davrda Nukus shahrining Nukus tumani hududiga (876 gektar) kengayishi hisobga olingan.
Qarorga koʻra, Nukus shahrining bosh rejasi loyihasining asosiy yechimlari hamda texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari tasdiqlandi.
Nukus shahrida 2040-yil oxiriga qadar:
– Aholi sonining oʻsishi – 312,4 ming kishidan 400,0 ming kishiga koʻpayishi prognoz qilingan;
– Shaharning hududi – 12 507,0 gektardan 13 383,0 gektarga;
– Aholi punktining turar joy hududi – 5 030,2 gektardan 5 486,5 gektarga oʻzgarishi rejalashtirilgan.
Yangi bosh rejaga muvofiq shaharda ikkita maʼmuriy markaz tashkil qilinadi.
Birinchi maʼmuriy markaz – shaharning bugungi kundagi maʼmuriy markazi hisoblanib, Islom Karimov, Amir Temur va M.Jumanazarov koʻchalari kesishmalari hisoblanadi. Ushbu markaz saqlab qolinadi. Unda joylashgan Saviskiy muzeyi, Xotira maydoni, mehmonxonalar, “IT-park”, istirohat bogʻi va boshqa maʼmuriy va xoʻjalik binolarini qurish va qayta taʼmirlash, eski bino va inshootlar oʻrniga yangi va zamonaviy koʻp qavatli binolar joylashtirish belgilangan.
Ikkinchi maʼmuriy markaz – shaharning janubi-gʻarbiy qismidagi Nukus tumaniga chiqadigan koʻchalar va loyihaviy koʻchalari kesishmasida joylashtiriladi.
“Nukus Siti”ning ushbu markazlari kichik va oʻrta biznesni, bank filiallari, turar joy va jamoat binolarining biznesni boshqarish bilan bogʻliq obyektlarni birlashtiradi va 7 qavatdan 16 qavatgacha boʻlgan obyektlar barpo etiladi.
Nukus shahrining loyihaviy chegarasi:
Shimolda – Nukus tumani hamda “Doʻstlik” kanali oʻzani boʻylab;
Sharqda – kichik halqa yoʻligacha;
Gʻarbda – Amudaryogacha;
Janub tomonda – sanoat hududlarigacha belgilanadi.
Sharqiy va janubiy yoʻnalishlar qumlar bilan oʻralganligi sababli yangi turar joy massivlari asosan shimoli-gʻarbiy tomonda joylashadi., deb xabar beradi “Norma” portali.