Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2022-yilda Nukus innovatsion tumanida baliqchilik klasterini tashkil maqsadida 2 ta startap loyiha — “Bostanova Nesibeli” MCHJning “Orolboʻyida baliqchilikni rivojlantirish, shuningdek yoʻqolib ketishi xavfi ostida turgan baliq turlarini tiklash” va “AMU ARAL SAZANI” MCHJning “Innovatsion retsirkulyatsion intensiv usulda baliq yetishtirish” startap loyihalari moliyalashtirildi.
“Bostanova Nesibeli” MCHJ tomonidan baliq chavoqlarni yetishtirish uchun inkubator sexi binosi barpo etilib, inkubator sexi uchun zarur uskunalar xarid qilingan. Uskunalarning ishga tushirilishi natijasida yiliga 10 tonna baliq chavoqlari yetishtiriladi va yetishtirilgan chavoqlar baliqchilik xoʻjaliklariga shartnoma asosida yetkazib beriladi. Inkubatsion sexda baliqning karp, oq amur va doʻng peshana turlari chavoqlari koʻpaytirilishi koʻzda tutilgan.
“AMU ARAL SAZANI” MCHJ tomonidan 3 gektar sunʼiy koʻl maydonida innovatsion retsirkulyatsion usulda tovar baliq yetishtiriladi. Bugungi kunda korxona tomonidan Xitoydan 3,5 milliard soʻmga innovatsion uskunalari olib kelingan va Xitoy texnologiyasi asosida 10 ta sunʼiy havza oʻrnatilgan. Ushbu 10 ta sunʼiy havza orqali 3 gektar sunʼiy koʻlda baliq yetishtirish rejimi (baliqlarni oziqlantirish, suvning haroratini optimal ushlab turish, kislorod bilan toʻyintirish va h.z.) boshqarilib boriladi. Korxona tomonidan 3 gektar yer maydona innovatsion usulda yiliga 100 tonna tovar baliq yetishtirish orqali 4,0 milliard soʻm daromad olish rejalashtirgan. Keyingi yillarda korxona daromadi hisobidan baliqchilik ozuqalari ishlab chiqarish liniyalarni oʻrnatish koʻzda tutilgan. Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi natijasida Nukus tumanida 30 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.