“Nukus” umumqoʻshin poligonida tungi mashg‘ulotlar o‘tkazildi

    Mamlakatimizning shimolida aralash tarkibdagi harbiy qism ishtirokida tunggi sharoitda choʻl hududida mudofaa jangini tashkil etish boʻyicha koʻrgazmali majmuaviy batalyon taktik oʻquvi oʻtkazildi.

    Koʻrgazmali batalyon taktik oʻquvi shartiga koʻra bir necha yuzlab kilometr masofada davlatimiz chegarasini noqonuniy buzib kirgan va mamlakat ichkarisiga harakatlanayotgan shartli terrorchi boʻlinmalar harakatini toʻxtatish va yakson qilish boʻyicha oʻquv-jangovar vazifa olgan harbiy qism kechga tomon “yigʻin” signali boʻyicha yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi.

    Majmuaviy oʻquvni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi kuch tuzilmalari vakillari, Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari kuzatib bordi. Oʻquv koʻrgazmali boʻlgani bois, har bir jarayon oʻquv nuqtalarida real vaqt mezonida sharhlab borildi.

    Dala sharoitida boʻlinmalarning joylashuvi, hudud qoʻriqlovi, muhofaza va taʼminotni tashkil etish boʻyicha olib borilgan mashgʻulotlar davomida shaxsiy tarkib belgilangan joylarni tayyorlash va jihozlashga kirishdi. Shaxsiy tarkib choʻl hududida boʻlinmalar va texnikalarning joylashuvi uchun sharoitlar yaratib, mudofaa jangini olib borishga hozirlik koʻra boshladi.

    Mazkur majmuaviy taktik oʻquvida shartli yaradorlarning oʻziga-oʻzi va safdoshiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatishi, jang maydonidan jabrlanganlarni evakuatsiya qilish boʻyicha harbiy xizmatchilarning harakatlari amalda koʻrsatib berildi.

    Barcha turdagi qurollardan oʻq uzilib, shartli kuchlar yakson etildi. Oʻzaro hamkorlik va uyushqoqlik, harbiy xizmatchilarning yuksak malaka va mahorati boʻlinmalar oldiga qoʻyilgan oʻquv-jangovar vazifani muvaffaqiyatli bajarishga zamin yaratdi.

    Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati