Nukusda koronavirusga qarshi immunli sut mahsulotlari sotuvga chiqarildi

    Fan 12 Avgust 2023 1932

    Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan “Panayev Farms” chorvachilik korxonasi joriy yildan boshlab immun suti va undan olinadigan mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    Bugungi kunda SARS-CoV-2, yaʼni oʻtgan bir necha yillar davomida dunyoni larzaga keltirgan kasallik – koronavirusga qarshi immunli sut mahsulotlari sotuvi yoʻlga qoʻyildi. Bu sutning tarixi ham aynan oʻsha yillarga bori taqaladi.

    2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (hozirgi Innovatsion rivojlanish agentligi) huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi hamda Avstriyaning Vena tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda SARS-CoV-2 virusiga qarshi immun sutini olish loyihasi ustida ishlarni boshladi.

    2022-yilda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining Biotexnologiyalar va komparativ tibbiyot sohasidagi olimlar jamoasi ZF-UZ-VAC2001 Oʻzbekiston-Xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning immun sutidan tajriba namunalari oldi.

    Xalqaro molekulyar allergologiya markazi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan “Panayev Farms” kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga koʻra, nasldor sigirlar hamda Avstriya va Germaniyadan olib kelingan Golshtin zotli sigirlar xavfsiz va samarali boʻlgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3 dozasi bilan toʻliq emlandi.

    Boʻgʻozlik davrida ZF-UZ-VAC2001 oʻzbek-xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning ogʻiz sutida SARS-CoV-2 virusiga qarshi tanachalar maksimal darajada boʻlishi olimlar tomonidan tasdiqlandi.

    2022-yil yanvar oyining oxirida sigirlar bolalay boshladi. Ogʻiz suti va sutdan olingan tajriba namunalari ustida keyingi klinik-laboratoriya tadqiqotlari davom ettirildi.

    Koronavirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod immun sutini olish ustidagi tadqiqotlar natijasi boʻyicha tayyorlangan ilmiy maqola xorijning nufuzli “Frontiers in Nutrition” (IF=6.7) jurnalida nashr qilinib, birinchi marta koronavirusga qarshi immun suti olish imkoniyati amaliyotda isbotlab berildi.

    2022-yilning oktyabr oylaridan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi “Panayev Farms” chorvachilik korxonasida koronavirusga qarshi faol neytrallovchi immun suti (“IMMUNE MILK” brendi ostida) pasterizatsiyalangan sut holida kichik hajmda ishlab chiqarish uchun texnologik liniyalar sinovdan oʻtkazildi va shu yilning oktyabr oyida “InnoWeek.uz" Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida SARS-CoV-2 ga qarshi immunli sut mahsulotlari degustatsiyasi oʻtkazildi.

    OʻzR davlat standartlariga rioya etgan holda uzoq muddatli pasterizasiya jarayoni sutning barcha xususiyatlarini, jumladan, antitanachalarning neytrallashtiruvchi faolligini saqlab qoldi.