Qoraqalpog'iston Respublikasida “Yangi O'zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida bo'lib o'tayotgan madaniy-ma'rifiy tadbirlar doirasida “O'zbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi. Unda bir guruh O'zbekiston Qahramonlari va ularning oila a'zolari, ma'naviyat fidoyilari, olimlar, ziyolilar hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov ochib berar ekan, qoraqalpoq zaminidan etishib chiqqan Musa Erniyazov, Ibragim Yusupov, To'lepbergen Qayipbergenov singari turli sohalardagi yurt qahramonlarining Vatan ravnaqi, el farovonligi, farzandlar tarbiyasi yo'lida baxshida bo'lgan sharafli umr yo'llari haqida birma-bir to'xtalib, qahramonlar va ularning oila a'zolariga o'z minnatdorchiligini bildirdi.

Taqdimot davomida O'zbekiston Qahramonlari – Anesya Saytova va Sersenbay Seytnazarovlar yoshlarga o'zlarining qahramonlik hayot yo'llari, chekkan sharafli mashaqqatlari, yutuqlari haqida so'zlab berishdi.

eslatib o'tamiz, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tashabbusi bilan chop etilgan mazkur kitob-al`bom millatimiz qahramonlariga ehtirom sifatida yaratildi. Unda Vatanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shib, “O'zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni hamda “Oltin YUlduz” medali bilan taqdirlangan 103 nafar yurtdoshimizning ibratli hayoti va faoliyati haqida hikoya qilinadi.