Nukusda shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha bitimlar imzolandi

    Energetika 17 Dekabr 2021 1109

    Joriy yil 17-dekabrda “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida quriladigan 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi (SHES) loyihasi boʻyicha bitimlar imzolandi. Loyiha qiymati 108 million dollarni tashkil etdi.

    Nukus shamol elektr stansiyasi loyihasi Oʻzbekistondagi birinchi shamol energetikasi loyihasi boʻlib, uning investori ochiq tender natijalariga koʻra tanlangan “ACWA Power” kompaniyasi bir kVt.soat elektr energiyasi uchun 2,5695 sent tarifini taklif qilib, tenderda gʻolib chiqdi.

    Loyihani amalga oshirish uchun maxsus tashkil etilgan “ACWA Power Wind Karatau FE LLC” MCHJ kompaniyasi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish shartnomasini imzoladi. Shuningdek, “ACWA Power Wind Karatau FE LLC” MCHJ va “ACWA Power” kompaniyalari Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitimni (GSA) imzoladilar.

    Hujjatlarni imzolash marosimida Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) vakillari ishtirok etdi.

    Nukusdagi shamol elektr stansiyasi Oʻzbekistondagi toʻrtinchi “ACWA Power” loyihasidir. Kompaniya, xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining Sirdaryo viloyatida ikkita bugʻ-gaz qurilmasiga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish” loyihasini amalga oshirishda hamkor hisoblanadi.

    — Nukus shamol elektr stansiyasi uchun elektr energiyasini sotib olish boʻyicha shartnomaning imzolanishi mamlakatimiz va kompaniyamiz uchun yana bir muhim yutuq boʻldi, — dedi “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mohammad Abunayan. — Chunki bu Oʻzbekiston hukumati bilan oʻsib borayotgan aloqalarimizni va mamlakatning energetika sohasida liberal bozorga oʻtish jarayonini jadallashtirish boʻyicha majburiyatimizni mustahkamlaydi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi ushbu SHES loyihasi Oʻzbekiston hukumatining mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalangan holda quvvatini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. 2026-yilga borib quyosh va shamol energiyasining umumiy quvvati 8 GVtni tashkil etishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.