Nukusda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” gʻoyasi ostida tadbirlar oʻtkazildi

    Mamlakatimizda 30 Iyun 2021 1354

    30-iyun — “Yoshlar kuni” munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus tumanida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” gʻoyasi ostida gala-konsert boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi B.Alixanov, Oliy Majlis Senati aʼzosi B.Matmuratov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati L.Seytova, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi D.Qurbaniyazov, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri S.Turmanov, tuman hokimi O.Usnatdinovlar ishtirok etdi.

    Tuman hokimi O.Usnatdinov tuman yoshlarini bayram bilan tabriklab, davlatimizda Prezidentimiz tomonidan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilayotganligiga alohida toʻxtaldi. Bugungi kunda yoshlarimiz tomonidan bunday katta eʼtiborga munosib tarzda javob qaytarib, Vatanimizning rivoji yoʻlida oʻz hissalarini qoʻsha oladigan insonlar boʻlib kamol topishlari uchun zafarlar tiladi.

    Tadbir davomida respublika va tuman miqyosida oʻz bilimi, qobiliyati, faolligi bilan tengdoshlariga namuna boʻlib kelayotgan tuman yoshlariga tuman hokimligidan hurmat yorliqlari va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

    Konsert dasturida taniqli sanʼatkorlar, estrada qoʻshiqchilari va yosh ijodkorlar tomonidan ijro etilgan qoʻshiqlar ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.