“Nurafshon oqshomlari” sheʼriyat kechasi boʻlib oʻtmoqda

    Toshkent viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, maʼnaviyat targʻibotchilari hamda yoshlar ishtirok etdi.

    Uchrashuvda soʻz olganlar viloyatda yoshlarning milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan eʼtibor, oʻgʻil-qizlarning iqtidorini roʻyobga chiqarish yoʻlidagi saʼy-harakatlar xususida alohida toʻxtalib oʻtdi.

    - Qish fasli boʻlishiga qaramay, Nurafshonda bahor havosi , - deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati boʻlimi qoshida tashkil etilgan “Nurli qadamlar” toʻgaragi aʼzosi Sadriddin Asliddinov. Uchrashuv asnosida, tengdoshlarim bilan fikr almashdik. Bugungi mushoirani bu darajada qiziq oʻtishini kutmagan edim. Rostini aytsam, xiyobonda ekilgan manzarali daraxtlar, gullar atrof atrof-muhit musaffoligini taʼminlash, insonlar salomatligiga xizmat qilish bilan birga, biz kabi ijodkorlarga oʻzgacha ilhom bagʻishlaydi. Mazkur ishlarni amalga oshirishda koʻmaklashgan mutasaddilarga viloyatimiz yoshlari nomidan minnatdorlik bildirmoqchiman. Oʻylaymanki, ushbu xayrli tashabbus oʻz atrofiga koʻplab iqtidorlarni jamlaydi.

    Tadbir ishtirokchilari Nurafshon shahri markazida yangidan foydalanishga topshirilgan xiyobon, infratuzilma inshootlari, aholining turmush sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

    Toshkent viloyat hokimligi axborot xizmati