Nurafshon Oʻzbekistonda birinchi “Smart City”ga aylanadi

    Urbanizatsiya 23 Iyun 2020 5269

    Mutaxassislarning maʼlumotlariga koʻra, 2050-yilga borib yer yuzi aholisining 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Aholi zich yashay boshlaydi, koʻchalarda yurish murakkablashadi, resurslardan samarali foydalanishning imkoni boʻlmaydi. Har yili bir million kishi qishloqlardan koʻchib ketmoqda. Shunday ekan, albatta, katta shaharlarda katta muammolar ham boʻlishi tabiiy. Shu bois, bir qator davlatlarda zamonaviy axborot- kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlangan shaharlar, yaʼni “Smart City”lar paydo boʻlmoqda.

    Toshkent viloyatining maʼmuriy markazi hisoblangan Nurafshonni ham mamlakatimizdagi birinchi aqlli shaharga aylantirish rejalashtirilyapti. Mazkur konsepsiyaga muvofiq, shaharda maʼmuriy binolar, zamonaviy turarjoylar, biznes markazlari, mehmonxonalar, sport majmualari, Yoshlar ijodiyot markazlari, kutubxonalar, maktablar, koʻp tarmoqli shifoxonalar bunyod etiladi. Savdo va xizmat koʻrsatish shohobchalari, istirohat bogʻlari, yashil maydonlar, piyodalar va velosipedchilar uchun hiyobonlar, yoʻllar quriladi. Jamoat transporti harakati ham yoʻlga qoʻyiladi. Uch yil davomida esa eski, pana-pastqam uy-joylar, tor va uydim-chuqur ichki koʻchalar, taʼmirtalab avtomobil yoʻllari, xullas, shahardagi butun infratuzilma yangilanib boriladi.

    Umumiy maydoni 217 gektar gektardan iborat boʻlgan Toʻytepa shaharchasi oʻrnida vujudga kelgan Nurafshon shahrining jami maydoni bugungi kunda qariyb 16 baravar kengaygan boʻlib, ayni paytda 3248,2 gektarga teng. Mavjud 22 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 48,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.

    Bugun shahardagi ulkan qurilish ishlari davom etmoqda. Xususan, shahar markazi Toshkent yoʻli koʻchasida 213 ta obyekt buzilib, joy egalariga mahalliy byudjet hisobidan 24,5 milliard soʻm tovon puli toʻlab berildi. Markaziy koʻchada 172 ta bino va inshoot qad koʻtarishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda ularning 36 tasida qurilish ishlari olib borilyapti. Toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari tortilmoqda.

    – Kanalizatsiya tizimi, ichimlik suv, gaz va elektr energiyasi taʼminotlari butunlay yangidan yoʻlga qoʻyiladi, – deydi xalq deputatlari Nurafshon shahar kengashi deputati Ahmadali Sarmonov. – Kanalizatsiya va ichimlik suv quvurlari uchun hukumatimiz tomonidan 141 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bundan tashqari, 4 ming kub suvni tozalaydigan inshoot barpo etilmoqda. Toshkent yoʻli koʻchasida 9 ta banklarning binolari bunyod etildi. Bir-ikki yil mobaynida 96 ta ana shunday inshootlar quriladi. Hozirgi kunda 14 ta yetti qavatli turarjoy binosi foydalanishga topshirildi.

    Shu bilan birga, shaharda Yoshlar ittifoqining viloyat kengashi, viloyat Adliya, Moliya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari maʼmuriy binolari, avtosalon qurilib, foydalanishga topshirildi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, joriy yildagi dasturga muvofiq, Nurafshon shahrida umumiy qiymati 782 milliard 500 mln. soʻmdan iborat boʻlgan 41 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.