Toshkent viloyati Nurafshon shahrining “Degantepa” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan mazkur korxona laboratoriya anjomlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Loyihaning umumiy qiymati 4,5 mln. AQSH dollarini tashkil qiladi. Shundan 1,0 mln. AQSH dollari tadbirkorning oʻz mablagʻi, 3,5 million dollari esa bank krediti hisoblanadi.

Bugungi kunda korxonada 28,6 ming PSR test ishlab chiqarilmoqda. Korxona toʻliq quvvat ishga tushirilsa, yiliga 120 ming dona tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

Korxonaga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish maqsadida ishlab chiqarishda foydalaniladigan zarur jihozlar va asbob-uskunalar Yevropa, Xitoy va Rossiya davlatlaridan olib kelingan. Korxonada hozir 100 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirish vazifasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Shu asosda birlamchi tibbiyot muassasalari, ayniqsa, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, patronaj xizmati, tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini, shuningdek, aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash ishlarini yaxshilash, pirovardida xalqimizning tibbiy xizmatdan rozi boʻlishiga erishish borasida keng koʻlamli saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Hududda amalga oshirilayotgan bu kabi yangi loyihalar katta valyuta mablagʻlari evaziga import qilinayotgan tibbiy uskunalar oʻrnini toʻldirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli jihozlar bilan taʼminlashga xizmat qiladi.