Nurafshonda Koreya shaharchasi quriladi

    Urbanizatsiya 18 Aprel 2022 1501

    Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev Koreya-Oʻzbekiston ishbilarmonlari uyushmasi (KUBA) raisi oʻrinbosari Kim Chan Kon bilan uchrashdi.

    Unda “Nurafshon-Koreya yangi shahar loyihasi”ni amalga oshirish, yaʼni, shaharni rivojlantirish boʻyicha tuzilma konsepsiyasi va rejalari xususida fikr almashildi.

    Loyihada 150 gektar yer maydonida 500 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritish hisobiga Janubiy Koreya tipida shaharcha bunyod etilishi koʻzda tutilgan. Uning roʻyobi 2022-2026-yillarni qamrab olishi belgilangan.

    Loyiha doirasida 1 200 ta xonadonli koʻp qavatli uy, Yongʻinga qarshi mutaxassislar tayyorlash texnikumi, Koreya xalqaro Universiteti, mehmonxona, savdo markazi, park, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari quriladi.

    Viloyat hokimi tomonidan Koreya respublikasining taʼlim, farmatsevtika, elektronika tizimidagi yutuqlar, yangiliklarni Toshkent viloyatida tatbiq etish borasida fikr bildirildi.

    Xususan, viloyatda faoliyat yuritayotgan umumtaʼlim maktablaridagi pedagoglarning malakasini Koreya taʼlimi tizimi yutuqlari asosida oshirish, Toshkent viloyati hamda Janubiy Koreyaning bir qator viloyatlari bilan birodar viloyat, viloyatdagi shaharlarni birodar shaharlarga aylantirish taklifi ham oʻrtaga tashlandi, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.