Nurafshonda qurilayotgan yodgorlik majmuasi va kutubxona qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

    Urbanizatsiya 6 Noyabr 2021 2238

    Toshkent viloyatining ma’muriy markazi sanalmish Nurafshon shahrining zamonaviy tus olishi uchun bugun u yerda qurilish ishlari jadal suratda davom etyapti.

    «Nurafshon Biznes Siti» hududida Zangiota tumanida yashagan, Ikkinchi jaxon urushida besh o‘g‘lidan judo bo‘lgan ona, sadoqat va matonat timsoli — Zulfiya Zokirova yodgorlik majmuasi bog‘ini quriladigan bo‘ldi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimining farmoyishi qabul qilindi.

    Mazkur hujjatga muvofiq e'lon qilingan tenderda g‘olib bo‘lgan qurilish korxonasi tomonidan ayni paytda loyihalashtirish ishlari olib borilyapti.

    Park, o‘yin va piknik maydonlari, amfiteatr, terassali va yopiq turdagi kafelar, favvoralar, tashrif buyuruvchilar uchun qulay o‘rindiqlar va yashil hududlar, piyodalar va velosipedchilar uchun qulay yo‘laklar, bolalar maydonchalaridan iborat ushbu yirik majmua 2.97 gektar maydonda bunyod etiladi.

    Mazkur loyiha uchun viloyat mahalliy byudjetining joriy yil III chorak yakuni shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan 28,4 milliard so‘m ajratildi.
    «Nurafshon Business City» hududida Elbek nomidagi Toshkent viloyati kutubxonasi qurilishi uchun esa 6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
    Mablag‘ yordamida 1,1 gektar yer maydonida zamonaviy 3 qavatli kutubxona qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, inshoot funksional zonalar va kompyuter uskunalari bilan jihozlanadi. Internet, axborot resurslari va milliy elektron kutubxonadan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

    Bundan tashqari, individual ishlash va dam olish uchun kovorking zonalari, tadbirlar o‘tkazish, ijod bilan shug‘ullanish hamda qiziqarli intellektual o‘yinlar o‘tkazish uchun maxsus xonalar ajratiladi, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.