Uchrashuvda Oʻzbekiston va Pokiston yuqori va quyi palatalari oʻrtasida tuzilgan doʻstlik guruhi aʼzolari ham ishtirok etishdi.
Muloqot avvalida S.Sanjrani soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy, demokratik yangilanishlar va parlamentarizmni rivojlantirish sohalaridagi islohotlarni, shuningdek xalqaro miqyosdagi tashabbuslarni yuqori baholadi. Shu oʻrinda Pokiston Senati raisi davlatimiz rahbarining odilona ichki va tashqi siyosati, mamlakatda amalga oshirilayotgan jadal oʻzgarishlar soʻzsiz aholi farovonligiga, ularning yashash darajasini yuqori pogʻonaga olib chiqishga qaratilganligini alohida eʼtirof etdi.
Shuningdek, joriy yil 14-aprelda Oʻzbekiston va Pokiston davlat rahbarlari oʻrtasida oʻtkazilgan videoanjuman shaklidagi uchrashuvi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni yuqori baholab, mamlakat parlamenti tomonidan toʻlaligicha qoʻllab-quvvatlanganligini maʼlum qildi.
Oʻz navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov ham soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani, davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari nafaqat ikki tomonlama balki, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham izchil rivojlanib borayotganini eʼtirof etib, parlamentlararo aloqalarni yana-da mustahkamlashga eʼtibor qaratdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, yaʼni, siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari, qoʻmitalar, deputatlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, tajriba almashishga kelishib oldilar.
Muloqotda tomonlar parlamentlararo hamkorlikning yangi formatlari ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida kelishilgan siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy, turistik va madaniy sohalardagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasining rasmiy tashrifi davom etadi.