Ayni shu maqsadda yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning mahalla tuzilmasini yangidan tashkil etish borasidagi Qarori qabul qilindi. Xalqona qadriyatlar, kattaga hurmat, kichikka izzat koʻrsatish va oʻzaro oqibatli munosabatlar vositasida farovon turmushga erishish – bugun faoliyat boshlagan yangi tuzilmaning asosiy tamoyili desak, toʻgʻri boʻladi. Ana shu maqsadda Jizzax viloyatida mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi va hamkor tashkilotlarning tashabbusi bilan tizimli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Forish tumanidagi Ilonli qishlogʻida istiqomat qiluvchi Qobil bobo Olqorov bu yil 85 yoshni qarshi oladi. Oʻtgan asrning ayni qahatchilik yillarida tugʻilib, umri tayoq ushlab, tuyoq orqasida oʻtgan Qobil bobo yigitlik chogʻidayoq chorvador boʻlib nom chiqargan, elda azizlik martabasiga erishgan. 44 yoshida “Mehnat qahramoni” unvoniga sazovor boʻlgan. Qarichilikning nuqsi yuzu koʻzda bilinsa-da, Qobil bobo bir vaqtlar ayni qishloq xoʻjaligi sohasida taʼlim olgani, ongli umrini zahmatli mehnat bilan oʻtganidan aslo armon qilmaydi, aksincha, hayotiy misollar vositasida buni yoshlarga tushuntirib berishdan aslo charchamaydi. Zotan, 10 farzandni oq yuvib oq taragan, 80 dan ziyod nevara-evaralarning bobosi boʻlgan Qobil boboning hayot haqiqati bugungi avlod uchun oʻrnak, istiqbol qadamlariga mustahkam zamin.
Qobil bobo singari insonlar – oilalarimizning bebaho davlati, yurtimizning fayzi shukuhi. Nuroniylar tajribasini yoshlar tarbiyasi uchun bogʻcha yoshidanoq qoʻllash, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishimiz kerak. Ayni mana shu mantiqqa asoslangan mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimi yoshlar hayotining barcha bosqichlarini qamrab olgan.
Vatanni sevish, uni asrab avaylash – bu endi oʻzbekona tarbiyaning asosi. Nuroniy otaxon-onaxonlar va yoshlar suhbati Jizzax choʻllarini oʻzlashtirish jarayonlari, Mustaqilligimizning ilk yillaridagi qiyinchiliklar, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamalakatimizda inson manfaatlarini ulugʻlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida boʻldi. Qayd etish kerak, mahallalar taraqqiyoti va yoshlar tarbiyasini zimmasiga oladigan katta avlod vakillarining sogʻligiga eʼtibor qaratish, tetik va bardam yurishlariga koʻmak berish alohida tibbiy-ijtimoiy tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Eng muhimi, fikr bir joydan chiqsa, hamjihat boʻlinsa, ogʻirliklar ortda qoladi. Hudud taraqqiyotida barometr boʻladigan mahalla hayoti, Jizzax shahri Olmazor mahallasi misolida aytganda, rais boshchiligida hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika noziri hamda xotin-qizlar faolining oʻzaro hamfikr ish olib borishlari bilan belgilanadi.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, joylarda amalga oshirilgan ishlar barobarida fuqarlarni tashvishga solayotgan va yechimini kutib turgan masalalar yetarli. Misol uchun, Doʻstlik tumanidagi 63 ta koʻpqavatli uylarda 888 ta, 23 ta eski barak uylarda 140 xonadon istiqomat qiladigan “Chinobod” mahallasi aholisi bilan muloqotlarda koʻpqavatli uylar atrofidagi infratuzilma obyektlari qurilishi nihoyasiga yetkazilmaganligi ayon boʻldi. Qars ikki qoʻldan chiqsagina, aholi kayfiyatidagi boqimandalik, eʼtiborsizlik kayfiyati yoʻqolsagina, tashabbuslar samarador boʻladi.
Kompleks tadbirlar doirasida Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi boshchiligidagi tegishli vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat ishchi guruh Arnasoy tumanidagi Chinobod va Bobur nomli, Zarbdordagi Andijon nomli qishloqlar kabi markazdan olis va eng chekka, sharoiti nisbatan ogʻir 16 ta aholi yashash manzilida oʻtkazgan oʻrganishlari davomida fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, aniqlangan 200 dan ziyod ijtimoiy muammolarga yechim belgilandi.
Hayot va turmush muammolari yechimiga qaratilgan ana shunday ishlar Sirdaryo viloyatida ham tatbiq etilmoqda. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab quvvatlash vazirligi boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatitdagi oʻtkir muammolar aniqlangan 20 dan ziyod olis hududlarida boʻlib, aholi bilan muloqotlar oʻtkazdi. Odamlar koʻz oʻngida turmush uchun salbiy taʼsirga ega holatlarni tezda bartaraf etishning aniq muddatlari belgilandi. Misol uchun Sardoba tumanining markazdan uzoq “Fayzliobod” mahallasiga eltuvchi tuzukroq yoʻlning oʻzi yoʻq, elektr taʼmirnoti esa loʻnda aytganda taʼmirtalab, yaʼni elektr taʼminoti ustunlari almashtirilishi, yuqori kuchlanish talab etiladigan joylardagi kam quvvatli nimstansiyalar almashtirilishi kerak. Bu ishlar mahalla masʼullari va Prezident xalq qablxonalari nazorati ostida avgust oyigacha toʻliq yakunlanadigan boʻldi. Soatlar oʻtmasdan ishlab boshlandi, qurilish materiallari keltirilib, taʼmirlash ishlari keng koʻlamda boshlab yuborildi. Avval 15 kilometrga yaqin ichki yoʻllar va yana shuncha trotuarlar quriladigan boʻldi. Bir vaqtning oʻzida elektr va ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha ham ishlar boshlandi.
Ha, sharqona tarbiya shunday – katta avlod doimo oʻrnak boʻlishi kerak. Har biri yoshligida oʻz kasbining ustasi boʻlib, katta tajriba toʻplagan bu nuroniylarning yoshlarga aytar soʻzi bor.
Bugun yoshlar masalasida davlat tashabbuslari katta imkoniyatlarni taqdim etayotgani bor gap. Nuroniylarga eʼtibor, yoshlr tarbiyasi va kelajagig masʼullik, eng muhimi, aholi farovonligi. Mana shu ustuvor maqsadlar mahalla sharoitida yorqin istiqbol uchun asos boʻlib xizmat qiladi.