Nursulton Roʻziboyevning navbatdagi raqibi va jang sanasi maʼlum boʻldi

    Sport 10 Iyun 2025 421

    U markaziy jangida Drikyus Dyu Plessi va Xamzat Chimayev toʻqnash keladigan UFC 319 turnirida oktagonga koʻtariladi.

    Oʻzbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Roʻziboyev 16-avgust kuni AQSHning Chikago shahrida boʻlib oʻtadigan UFC 319 turniri doirasida oktagonga koʻtariladi. Bu haqda sportchining oʻzi Instagram sahifasida maʼlum qildi.

    Oʻsha kuni Roʻziboyevga amerikalik Brayan Battle raqiblik qiladi. 30 yoshli Battle hozirgacha UFCʼda 8 ta jang oʻtkazgan boʻlib ularning 7 tasida gʻalaba qayd etgan, 1 ta jangda esa magʻlubiyatga uchragan. Shuningdek uning hisobida 1 ta NC (jang oʻtkazilmagan) natija ham bor.

    U soʻnggi jangini 2024-yil 7-dekabrda Rendi Braunga qarshi oʻtkazgan va hakamlar qaroriga koʻra gʻalabaga erishgan.

    31 yoshli hamyurtimiz esa soʻnggi bor 2024-yilning 19-may kuni Las-Vegasda boʻlib oʻtgan “UFC Fight Night” turnirida ishtirok etgan. Ushbu jangda u germaniyalik Dastin Stolsfusni ochkolar hisobiga koʻra magʻlubiyatga uchratib, ushbu tashkilotdagi 4-gʻalabasini tantana qilgan edi.