NYT: Paramount Harris intervyusi tahrirlangani uchun Trampga 16 million dollar to'lashga tayyor

    Paramount kompaniyasi AQSh Prezidenti Donald Trampga sobiq vitse-prezident Kamala Harris bilan CBS telekanalining 60 Minutes dasturida bergan intervyusidan so'ng da'vosini hal qilish uchun 16 million dollar to'lashga rozi bo'ldi.

    2024-yilning noyabrida prezidentlikka nomzod Donald Tramp CBS News telekanalini saylovlarga aralashishda ayblab sudga berdi. Uning ta'kidlashicha, Kamala Harris bilan bo'lgan intervyu uning savolga “yomon va qobiliyatsizlarcha bergan javobini” yashirish uchun tahrirlangan va Trampning raqibi bilan intervyuning tahrir qilinmagan versiyasini e'lon qilishdan bosh tortgani uchun 10 million dollar tovon puli talab qilgan. Shundan so'ng Tramp da'voni ikki baravar oshirib, talablarini 20 million dollarga ko'tardi.

    “Paramount intervyu tahrirlangani bo'yicha da'voni hal qilish uchun prezident Trampga 16 million dollar to'lashga rozi bo'ldi”, deb yozadi New York Times gazetasi kompaniya bayonotiga tayanib.

    Shuningdek, CBS telekanaliga egalik qiluvchi Paramount kompaniyasi AQSh prezidentligiga nomzodlar bilan bo'lgan barcha intervyularni, jumladan, telekanalning sobiq prezident Jo Bayden bilan bo'lgan intervyusini ham e'lon qilishga rozi bo'ldi.

    Ilgari advokatlar CBS telekanali sudda g'alaba qozonishi mumkin deb taxmin qilishgan, chunki kanal yolg'on ma'lumot tarqatish bilan shug'ullanmagan va AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatish ma'lumot taqdim etishda keng harakat erkinligini ta'minlaydi. Biroq Trampning da'vosi Texasda qo'zg'atilgan va bu shtat qonunlarining buzilishi bilan bog'liq, deb xabar beradi vesti.ru.