Nyu-Yorkda Marsning Yerdagi ulkan qismi kim oshdi savdosiga qoʻyildi

    Dolzarb 14 Iyul 2025 555

    Yer yuzasida topilgan Marsning yirik boʻlagi chorshanba kuni auksionga qoʻyiladi. Oʻta noyob, sayyoramizga tegishli boʻlmagan bu unsur 4 million dollargacha sotilishi mumkinligi taxmin qilinyapti.

    Xorij ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, “Sothebyʻs” auksion uyi meteoritga 1,6 million dollar dastlabki narx qoʻydi.

    Maʼlumotga koʻra, zaminimizda topilgan Marsning avvalgi eng katta qismidan taxminan 70-marta kattaroq bu modda Yerga 225 million kilometr yoʻl bosib kelgan va Sahroi Kabirga qulagan. Meteorit ovlovchi topilmani 2023-yil noyabr oyida Nigerda topgan.

    Mars boʻlagi Yerda ajablanarli darajada kam uchrarkan. Hozir sayyoramizda 77 000 dan koʻp tan olingan meteorit mavjud. Shundan faqat umumiy ogʻirligi 375 kg keladigan 400 tasigina Marsga tegishli.

    “Sothebyʻs” vakili aytishicha, topilgan buyumning ogʻirligi 24,67 kilogramm. Bu hozir Marsning Yerda aniqlangan barcha unsurlari 6,5 foizini tashkil qiladi.

    Mutaxassislar fikricha, meteorit yuzasidagi chuqurchalar jins atmosferadan harakatlanishi payti ishqalanish natijasida hosil boʻlgan.

    “Sothebyʻs Natural History” sotuvi doirasida oʻtadigan navbatdagi “Kim oshdi savdosi”da meteoritlar, shuningdek boshqa minerallar va qazilma buyumlari ham mavjud.