O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va N`yu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi axborotiga ko'ra, maxsus reys Respublika maxsus komissiyasining charter reyslarni tashkil etish jadvaliga muvofiq mahalliy vaqt bilan 13:00 da (Toshkent vaqti bilan 22.00) Jon Kennedi xalqaro aeroportidan amalga oshirildi.  Samolyot bugun kunning birinchi yarmida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qo'nishi kutilmoqda.

Samolyot bortida AQSH va Kanadada vaqtincha va doimiy yashayotgan 214 nafar O'zbekiston fuqarosi (shundan  10 nafari yosh bolalar), AQSHning Toshkentdagi elchixonasining 14 nafar diplomati va ular oila a'zolari, shuningdek Toshkent shahridagi xalqaro maktablarga ishlash uchun taklif etilgan 5 nafar o'qituvchi bor.  

Barcha yo'lovchilar aviachiptalarni sotib olish va ro'yxatdan o'tkazish paytida ular talabiga binoan maxsus ajratilgan joylar va mehmonxonalarda 10 kunlik karantinda qolish qoidalariga rioya qilishlari zarurligi to'g'risida ogohlantirildi.

Amerika Qo'shma SHtatlaridagi diplomatlarimizga ko'ra, iyun`-avgust oylarida Amerika qit'asidan 1 ming 414 nafar O'zbekiston fuqarosi, shuningdek, 45 nafar chet davlat fuqarosi mamlakatmizga olib kelingan.

Mazkur charter reys uchun yo'lovchilar ro'yxatini shakllantirish iyun` oyida boshlangan. SHundan buyon O'zbekistonga qaytishga ko'maklashishni so'rab 853 nafar vatandosh murojaat qildi. Lekin, ro'yxatga olinganlardan 564 nafari O'zbekistonga kelish fikridan qaytishganini ma'lum qildi. Ular «Toshkent – N`yu-York – Toshkent» yo'nalishidagi muntazam parvozlar tiklanishini hamda koronavirus bilan bog'liq vaziyat yumshashini kutishga qaror qildi.

13 avgust holatiga ko'ra, O'zbekistonga qaytish maqsadida tashkil qilinadigan navbatdagi reys uchun ro'yxatdan o'tgan fuqarolar soni  75 kishini tashkil etmoqda.

Amerika Qo'shma SHtatlaridagi diplomatik vakolatxonalarimiz, «Toshkent – N`yu-York – Toshkent» yo'nalishi bo'yicha maxsus charter reyslarni amalga oshirish Respublika maxsus komissiyasining oldindan tasdiqlangan qaroriga binoan amalga oshirilishini, ular jadvali OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinishini eslatib o'tdi.

SHu munosabat bilan, O'zbekistonning Vashingtondagi va N`yu-Yorkdagi diplomatik vakolatxonalari kelgusi oylarda Toshkentga borishni rejalashtirgan vatandoshlardan elchixona yoki Bosh konsulxonaga murojaat qilib, yo'lovchilar ro'yxatida qayd etilishni so'ramoqda. Konsullik idoralari vakillarining aloqa ma'lumotlari diplomatik vakolatxonalar veb-saytlarida mavjud.