Tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi samaradorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 29 May 2024 2767

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida keng ko‘lamli tarkibiy islohotlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijiy ekspertlar ko‘magining muvofiqligini va ta’sirchanligini ta’minlash maqsadida:

    1. Davlat organlari va tashkilotlari tarkibiy islohotlarni samarali amalga oshirish uchun malakali xorijiy konsultant va ekspertlarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarini hamda konsalting kompaniyalarini (keyingi o‘rinlarda – xorijiy konsultant va ekspertlar) o‘z mablag‘lari yoki byudjet mablag‘lari hisobidan jalb etish huquqiga ega ekanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    2. Davlat organlari va tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – buyurtmachi tashkilot) tomonidan xorijiy konsultant va ekspertlarni jalb etish jarayonini muvofiqlashtiruvchi organ etib Strategik islohotlar agentligi belgilansin.

    3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

    a) xorijiy konsultant va ekspertlar ular bilan buyurtmachi tashkilot hamda Strategik islohotlar agentligi o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asosida jalb qilinadi. Bunda:

    xorijiy konsultant va ekspertlar bilan shartnoma bir yilgaчa bo‘lgan muddatga tuziladi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;

    shartnomada xorijiy konsultant va ekspertlar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar (texnik topshiriq shaklida) hamda erishiladigan individual maqsadli ko‘rsatkichlar (KPI) aks ettiriladi;

    buyurtmachi tashkilot har oy xorijiy konsultant va ekspertlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risida dalolatnoma tuzadi. Bunda xorijiy konsultant va ekspertlar tomonidan jami amalga oshirilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risida yakuniy dalolatnoma Strategik islohotlar agentligi bilan kelishilgan holda imzolanadi;

    b) xorijiy konsultant va ekspertlar quyidagi asosiy talablarga muvofiq bo‘lishi lozim:

    iqtisodiyot, ijtimoiy soha va boshqa ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlarni isloh qilish bo‘yicha bilim, malaka va zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishi;

    nufuzli xalqaro tashkilotlar yoki xorijiy davlatlarning ilg‘or korxona va tashkilotlarida ish tajribasiga ega bo‘lishi;

    xorijiy tillarni (ingliz, rus va boshqalar) zarur darajada bilishi.

    Bunda buyurtmachi tashkilot tomonidan xorijiy konsultant va ekspertlarga nisbatan qo‘shimcha talablar belgilanishi mumkin;

    v) buyurtmachi tashkilot tomonidan xorijiy konsultant va ekspertlarni jalb qilish qonunchilikda belgilangan xarid qilish tartib-taomillariga muvofiq amalga oshiriladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 martdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishning 2024 yildagi ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–109-son qarorida belgilangan chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishga jalb qilinayotgan xorijiy konsultant va ekspertlar bundan mustasno;

    g) xorijiy konsultant va ekspertlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar har oyda buyurtmachi tashkilot tomonidan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va o‘zining rasmiy veb-saytida yoritib boriladi, ular ishtirokida joriy masalalarni muhokama qilish va hal qilishning maqbul yo‘llarini aniqlash uchun muntazam ravishda uchrashuvlartashkil qilinadi hamda tegishli takliflar tayyorlanadi;

    d) xorijiy konsultant va ekspertlarni davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga tayinlash va lavozimidan ozod qilish davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

    4. Strategik islohotlar agentligi (B.Raxmatov):

    Hisob palatasi (A.Boboyev) bilan birgalikda bir oy muddatda davlat organlari va tashkilotlari bilan xorijiy konsultant va ekspertlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqsin, ularni mazkur qaror talablariga asosan o‘zgartirish (bekor qilish) bo‘yicha taklif kiritsin;

    Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda 2024 yil 1 iyulga qadar xorijiy konsultant va ekspertlarning yagonaelektron reyestrini shakllantirsin va uning muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlasin;

    ikki hafta muddatda xorijiy konsultant va ekspertlar bilan yangi tartibda tuziladigan shartnomaning namunasini ishlab chiqsin hamda vazirlik va idoralarga taqdim qilsin;

    mazkur qaror talablari yuzasidan vazirlik va idoralarga muntazam ravishda tushuntirish ishlarini olib borsin.

    5. Tarkibiy islohotlarni samarali amalga oshirish uchun xorijiy konsultant va ekspertlarni jalb qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Bunda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy konsultant va ekspertlarni jalb etish tegishli tashkilotlarning qoida va talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

    6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh. MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2024 yil 29 may