Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 23 Mart 2023 6191

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Aholining xarid qobiliyatini mustahkamlash, asosiy turdagi oziq-ovqat va iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash, tovarlar ta’minotining global zanjirlarini diversifikatsiyalash hamda inflyatsiya darajasini jilovlash maqsadida:

    1. 2024 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 maydagi “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-145-son farmonida:

    1-banddagi va 1-ilovaning nomlanishidagi “2023 yil 1 iyulga qadar” so‘zlari “2024 yil 1 yanvarga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin;

    4-banddagi “2023 yil 1 yanvarga qadar” so‘zlari “2024 yil 1 yanvarga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin.

    3. Vazirlar Mahkamasi (J.Xodjayev) bir oy muddatda:

    manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini respublika hududiga olib kirishda davlat nazoratidan o‘tkazish jarayonining samaradorligini oshirish hamda uni xavfni tahlil qilish tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish;

    import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan kundalik iste’mol tovarlari ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

    4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    5. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2023 yil 23 mart