“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 12 Sentabr 2023 17145

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

    1. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:

    har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;

    barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash;

    suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;

    qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;

    “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.

    2. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi doirasida:

    a) 2024 yil 1 yanvardan boshlab:

    davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yilsin;

    Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlansin, kelgusida mazkur tajriba respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilsin;

    banklarning nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

    b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi 10-sinf o‘quvchilari uchun tegishli hududlarda talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etilsin.

    Bunda, dastlabki bosqichda ushbu tartib zarur kadrlar salohiyati va moddiy-texnika bazasiga ega bo‘lgan hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida joriy etilsin;

    v) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun “tayanch maktab” etib belgilansin.

    Bunda, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari “tayanch maktablar” tomonidan yangi ta’lim dasturlari, dars o‘tishning ilg‘or metodikalari va o‘quvchi bilimini baholashning zamonaviy usullariga o‘rgatiladi.

    3. Belgilansinki, 2024 yil 1 yanvardan boshlab:

    onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hamda Bolalar milliy tibbiyot markazida gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etiladi;

    virusli gepatitning “S” turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolash yo‘lga qo‘yiladi.

    4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

    a) 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Bunda, ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dori vositalari bilan ta’minlash, farzandlarini maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutiladi;

    b) 2024 yil 1 yanvardan boshlab:

    Toshkent shahrining tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari ro‘yxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi;

    nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan ta’minlash ishlari “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Bunda, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tovar va xizmatlarni o‘zlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratiladi va ularning xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

    5. Xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularga o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etilsin.

    6. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha:

    2023 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;

    2023-2024 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar 1a-ilovaga muvofiq;

    2023 yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati 1b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    7. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiniнg barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishi doirasida:

    a) 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga miqdori 10 million so‘mdaн yuqori bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik sub’ekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

    b) 2024 yil 1 yanvardan boshlab:

    qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya berish tartibi joriy etilsin;

    “Izlanish va rivojlanish” (R&D) markazlari uchun ular tashkil etilgan kundan boshlab 3 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summa miqdorining 1 foizini to‘lash, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida hisoblash tartibi joriy etilsin;

    davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan har yili amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari qiymatining kamida 5 foizini obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirish tartibi joriy etilsin.

    8. 2024 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘liq qaytarib berish tizimi quyidagilar hisobidan kengaytirilsin:

    xorijiy turistlargaO‘zbekiston xalqaro aeroportlarida O‘zbekiston hududida sotib olingan va “Tax free” tizimi bo‘yicha rasmiylashtirilgan mahsulotlar uchun;

    tur-operatorlarga – xorijiy kontragentlar bilan shartnomalar doirasida ko‘rsatilgan eksport xizmatlari uchun.

    9. Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullansin:

    O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamg‘armasini tashkil etish va uning asosiy vazifalari sifatida energetika, kommunal xo‘jalik, transport, ekologiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ustuvor sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalari hujjatlarini sifatli ishlab chiqishni belgilash;

    davlat-xususiy sheriklik loyihalaridan kelib chiquvchi davlatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri va shartli majburiyatlarini monitoring qilish, boshqarish va tartibga solish tizimini amaliyotga tatbiq etish;

    Davlat byudjeti loyihasini shakllantirish va ijrosi bo‘yicha hisobotlarda byudjet xarajatlarining barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga muvofiqligi va iqlim o‘zgarishiga ta’sirini ko‘rsatib borish (markirovkalash) mexanizmlarini joriy etish.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi (J.Qo‘chqorov):

    a) ikki hafta muddatda:

    xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamg‘armasi faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi;

    davlat-xususiy sheriklik loyihalaridan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan davlatning majburiyatlarini boshqarish va tartibga solish mexanizmlarini belgilovchi Hukumat qarori loyihasi;

    b) 2024 yil 1 yanvarga qadar Davlat byudjeti xarajatlarining barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga muvofiqligi va iqlim o‘zgarishiga ta’sirini ko‘rsatib borish (markirovkalash) mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasi kiritilishini ta’minlasin.

    10. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha:

    2023 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;

    2023-2024 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar 2a-ilovaga muvofiq;

    2023 yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati 2b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    11. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi doirasida:

    a) 2023 yil 1 noyabrdan boshlab:

    ijobiy ekologik ekspertiza xulosasini olmagan ob’ektlarga nisbatan moliyalashtirish, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini to‘xtatib turish mexanizmi joriy etilsin;

    ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan zararni qoplash bilan bir qatorda, zarar yetkazilgan tabiat ob’ektini tiklash va uning muayyan muddat daavomida muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati yuklansin;

    b) suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab:

    respublikaning uzoq muddatli suv balansi проgнозиni yuritish, shu jumladan, uni har yili yangilash va suv resurslarini tejash dasturlarini qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining, keyinchalik esa, bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun kreditlar 10 foiz stavkada (foiz stavkalarini subsidiyalash hisobiga) ajratilishi ta’minlansin;

    v) atmosferaga zararli tashlanmalar hajmini kamaytirish maqsadida xalqaro “karbon market” tizimi doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomonidan barpo etiladigan yashil maydonlarni tashkil qilish xarajatlarini qisman jalb qilingan grant mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

    Bunda, barpo etilgan yashil мaйdонлaр (yaylovlarni ozuqabop ekinlar bilan, qishloq xo‘jaligi yerlarini daraxtlar bilan qoplash) bo‘yicha kompensatsiyalar issiqxona gazlarini zararsizlantirish darajasiga mutanosib ravishda ajratiladi.

    12. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi bo‘yicha:

    2023 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq;

    2023-2024 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar 3a-ilovaga muvofiq;

    2023 yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati 3b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    13. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi doirasida:

    a) davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholiga yanada qulayliklar yaratish va ortiqcha sansalorliklarga barham berish maqsadida:

    2024 yil 1 yanvardan boshlab aholiga yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, shu jumladan, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda avtomototransport vositasining oldi-sotdi shartnomalari va boshqa notarial tasdiqlangan bitimlarni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin va ariza beruvchilardan mazkur hujjatlarni talab qilish taqiqlansin;

    2024 yil 1 martdan boshlab notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan, chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bog‘liq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishdan tashqari) elektron raqamli imzodan foydalanib, videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirish tartibi yo‘lga qo‘yilsin;

    b) 2024 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilsin.

    Bunda, tuman va shahar byudjetlariga tushadigan soliq tushumlarining bir qismi mahallalarning ijtimoiy-iktisodiy muammolarini hal qilish jamg‘armalariga yo‘naltirilishi belgilansin;

    v) tashabbusli byudjet amaliyotini va mahallalarning moliyaviy mustaqilligini yanada kengaytirish maqsadida 2024 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 10 trillion so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun kamida 4 trillion so‘m yo‘naltirilsin;

    g) 2024 yil yakuniga qadar qonunda belgilangan asoslarda tezkor-qidiruv va tergov harakatlariga sanksiya berish masalasini alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqish tartibi joriy etilsin;

    d) tadbirkorlik sohasida javobgarlikni yanada liberallashtirish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab:

    birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsni, agar u sud maslahatxonaga kirguniga qadar soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilish;

    tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan har bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov hamda sud jarayonida tegishli mansabdor shaxs jinoyat ishi materiallarini ish yurituviga qabul qilgan vaqtdan boshlab tadbirkorni himoya qilishga Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ekti a’zo hisoblangan boshqa tashkilotni jamoat himoyachisi sifatida jalb etishi (xabar qilish) tartibi joriy etilsin;

    ye) 2024 yil 1 yanvardan boshlab aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy etib belgilansin.

    14. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi bo‘yicha:

    2023 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;

    2023-2024 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar 4a-ilovaga muvofiq;

    2023 yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati 4b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    15. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatini izchil davom ettirish yo‘nalishi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining uchrashuvi yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlasin.

    16. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishi bo‘yicha:

    2023 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;

    2023-2024 yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar 5a-ilovaga muvofiq;

    2023 yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati 5b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    17. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:

    “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish natijalarining ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;

    “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning ijrosi va natijalari to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumot aholiga tezlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.

    18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

    Qaror ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2023 yil 11 sentyabr