Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 9 Fevral 2024 5396

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Jahon bozorida raqobatning tobora keskinlashuvi sharoitida mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashda taʼlim sifati va ilmiy salohiyatni koʻtarish orqali kadrlar tayyorlash tizimining samaradorligini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Shuningdek, iqtisodiyot va moliya sohasidagi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish, ularda samarali boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish, oʻquv jarayonlariga eng soʻnggi pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, ilmiy faoliyatni jahon standartlari asosida tashkil etish, ularning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yanada oshirish, ilgʻor xorijiy tajribaga ega ilmiy-pedagogik kadrlarni keng jalb qilish mamlakat iqtisodiyoti hamda moliya tizimlari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi hisoblanadi.

    Iqtisodiyot va moliya sohalari uchun yuqori malakali hamda xalqaro talablarga mos mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, oʻquv hamda ilmiy jarayonlarni xalqaro standartlarga asoslanib innovatsion shakl va usullar asosida tashkil etish, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:

    1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasining Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini unga Toshkent moliya instituti va Fiskal institutni (keyingi oʻrinlarda – Universitet) qoʻshib olish yoʻli bilan qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

    iqtisodiyot, moliya va soliq sohalari boʻyicha dunyodagi soʻnggi tendensiyalar, moliyaviy texnologiyalar, ilgʻor xorijiy tajriba va real iqtisodiyot talablarini hisobga olgan holda oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

    oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, taʼlim va tadqiqot uygʻunligini taʼminlash orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun ilgʻor innovatsion ishlanmalar yaratish, talabalarda tizimli tahlil qilish, kreativ fikrlash va amaliy koʻnikmalarni shakllantirish;

    zamonaviy oʻquv-ilmiy laboratoriyalar va simulyatsion markazlar tashkil etish orqali “taʼlim – fan – innovatsiya –raqamlashtirish” ekotizimini va sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini samarali yoʻlga qoʻyish;

    iqtisodiyot, moliya va soliq sohalarini rivojlantirishning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ularning natijalarini joriy etish yuzasidan ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqish;

    jahon taʼlim va ilmiy makonida Universitetning nufuzini oshirish, yetakchi xorijiy universitetlar bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, professor-oʻqituvchilarning xorijiy ilmiy-amaliy stajirovkasini tizimli yoʻlga qoʻyish.

    3. Belgilansinki:

    a) Universitet iqtisodiyot, moliya va soliq sohalari uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda metodik taʼminot boʻyicha yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;

    b) Toshkent moliya instituti va Fiskal institutda tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi hamda 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;

    v) Universitetda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:

    taʼlim jarayoni davlat tili, ingliz tili va boshqa xorijiy tillarda olib boriladi;

    bakalavriat va magistratura bosqichiga oʻqishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun alohida xorijiy tillarda oʻqitiladigan guruhlar tashkil etiladi;

    taʼlim dasturlari xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining dasturi asosida bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi;

    taʼlim jarayoniga yetakchi professor-oʻqituvchilar hamda tegishli sohalarda kamida 5-yillik amaliy tajribaga ega boʻlgan iqtisodiyot, moliya va soliq tizimlarida ishlagan mutaxassislar jalb etiladi;

    iqtisodiyot, moliya va soliq sohasi xodimlarining malakasini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;

    g) Universitetga talabalarni oʻqishga qabul qilish 2024/2025 oʻquv yilidan boshlanadi. Bunda, davlat granti boʻyicha oʻqishga qabul qilish davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida belgilanadi;

    d) Universitet:

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga idoraviy jihatdan boʻysunadi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qoʻmitasi Universitet faoliyatini samarali tashkil etish, malaka talablarini ishlab chiqish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, talabalarga amaliyot bazalarida sharoitlar yaratishda kadrlar buyurtmachisi sifatida koʻmaklashadi;

    Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blanklarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;

    Toshkent moliya instituti va Fiskal institutning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

    4. Quyidagilar:

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kuzatuv kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

    2024 – 2027-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida kadrlar tayyorlash tizimini samarali yoʻlga qoʻyish, ilmiy salohiyatni oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

    Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan obyektlar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlasin.

    5. Kuzatuv kengashi (Qoʻchqorov):

    a) 2024-yil 1-aprelga qadar Universitetning boshqaruv kadrlari lavozimlariga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislarni jalb qilish chorasini koʻrsin;

    b) 2024/2025 oʻquv yili boshlanguniga qadar tajribaga ega boʻlgan loyihalashtirish tashkilotini jalb qilsin va Universitetning mavjud hududlari va bino-inshootlari negizida zamonaviy kampusni bunyod etish boʻyicha master rejani ishlab chiqsin hamda unda quyidagilarni nazarda tutsin:

    Universitetning Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Olmazor koʻchasi, 183-uy manzilidagi hududida xalqaro standartlarga javob beradigan oʻquv auditoriyalari, kovorking markazlari, IT laboratoriya, biznes inkubator va anjumanlar zalini oʻz ichiga olgan multifunksional koʻp qavatli binoni barpo etish;

    Universitet kampusi va ulardagi bino-inshootlarni yuqori tezlikdagi internet bilan yagona tarmoqqa bogʻlash, oʻquv va ilmiy-tadqiqot jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;

    talabalar uchun qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida maʼnan va jismonan eskirgan binolar oʻrnida yangi talabalar turar joyi, zamonaviy sport zallari, oshxonalar va boshqa bino-inshootlarni qurish.

    6. Universitetda mablagʻlari homiylik xayriyalari hisobidan shakllantiriladigan Universitetni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin.

    Belgilansinki, Universitetga tushgan toʻlov-kontrakt mablagʻlarining saqlash va joriy xarajatlardan ortgan qismi Universitetni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi hamda taʼlim jarayonini yaxshilash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun Kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq ishlatiladi.

    7. Kuzatuv kengashi (Qoʻchqorov), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Universitet faoliyatini takomillashtirish va taʼlim sifatini oshirish maqsadida ikki oy muddatda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Universitet huzurida Transformatsiya markazini tashkil etsin.

    Transformatsiya markazi quyidagilar uchun masʼul etib belgilansin:

    Universitetni 2030-yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1 000 talik roʻyxatga kiritish, shuningdek, Universitet taʼlim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlash yuzasidan strategiyani ishlab chiqish;

    xorijiy tajribaga muvofiq bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini maqbullashtirish hamda Universitetning taʼlim dasturlarini xalqaro taʼlim dasturlariga muvofiqlashtirish;

    2024 – 2025-yillarda xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida kamida 200 nafar yetakchi professor-oʻqituvchilarning stajirovkasini tashkil etish;

    Universitetning taʼlim dasturlarini xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining dasturlari asosida ishlab chiqish.

    8. Belgilansinki, Universitet faoliyatini moliyalashtirish:

    Davlat byudjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

    2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

    9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.

    Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2024-yil 7-fevral