Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 8 Sentabr 2023 15834

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Mamlakatimizda so‘nggi yillarda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish hamda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash borasida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-2022 yillarda onalar o‘limi ko‘rsatkichi 1,5 baravarga, go‘daklar o‘limi esa 1,3 baravarga kamayishiga erishildi.

    Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarni bepul dori vositalari, tibbiy buyumlar va maxsus oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash joriy etilib, ularga tibbiy
    va ijtimoiy yordam ko‘rsatish ko‘lami kengaytirildi.

    Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari hamda kechayu kunduz shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi pediatriya postlari, shuningdek, poliklinikalarda bolalar bo‘limlari tashkil etildi.

    Barcha “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi. Bolalar, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarni zarur vitamin komplekslari, yod preparati, temir
    va foliy kislotasi bilan bepul ta’minlash joriy etildi.

    Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarining samarali boshqaruv tizimini yaratish maqsadida:

    1. Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab:

    Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika “Ona va bola skrining” markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz);

    hududiy perinatal, aholi reproduktiv salomatligi hamda “Ona va bola skrining” markazlari negizida Markazning 14 ta hududiy filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

    2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi onalar salomatligini muhofaza qilishning takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj tizimi joriy qilinsin:

    a) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida “tibbiyot brigadalari”:

    o‘zlariga biriktirilgan hududlarda homilador ayollarni aniqlaydi, ularni hisobga olish va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishini tashkil etadi;

    tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining “Ayollar maslahatxonasi” bo‘limi bilan birgalikda homilador ayollar holatini doimiy monitoring qilib boradi hamda xavf omillari aniqlanganda Markazning hududiy filiallariga yuboradi;

    tug‘uruqdan keyingi davrda ona va bolaning davriy patronajini olib boradi hamda istalmagan homiladorlikning oldini olish choralarini ko‘radi;

    reproduktiv yoshdagi aholi va homilador ayollar o‘rtasida tibbiy madaniyat, kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom oilani rejalashtirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib boradi;

    b) Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy filiallari:

    xavf omillari aniqlangan ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi, ularni davolaydi hamda zarur hollarda respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga yo‘naltiradi;

    nikohlanuvchilar, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollar hamda chaqaloqlarni molekulyar tibbiy-genetik tekshiruvlardan o‘tkazadi;

    irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi;

    sog‘lom oilani rejalashtirish hamda istalmagan homiladorlikning oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

    v) Respublika perinatal markazi:

    erta tug‘uruq xavfi bo‘lgan homiladorlarga, shuningdek, muddatiga yetmasdan (22-28 haftalik) tug‘ilgan chaqaloqlarga barcha turdagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatadi;

    alohida tibbiy ko‘rsatmalarga asosan homiladorlar va chaqaloqlarga Markazning hududiy filiallarida konsultativ yordam beradi hamda zarur hollarda ularga tibbiy statsionar yordam ko‘rsatadi;

    g) Markaz:

    respublika, hududiy tibbiyot muassasalari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida homilador ayollar va yangi tug‘ilgan bolalar skriningi, shuningdek, reproduktiv yoshdagi aholi orasida ekstragenital, tug‘ma va irsiy kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va reabilitatsiyasi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan hamda yuqori texnologik diagnostika va davolash amaliyotlarini joriy etadi;

    akusherlik-ginekologiya, tibbiy-genetik maslahat, sog‘lom oilani rejalashtirish, molekulyar-genetik tekshiruv, plastik va estetik ginekologiya, yordamchi reproduktiv texnologiyalar xizmatlarini tashkil etadi va ushbu yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtiradi;

    reproduktiv yoshdagi aholi, homilador ayollar va yangi tug‘ilgan bolalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsata oladigan kadrlar tayyorlash hamda qayta tayyorlashda ishtirok etadi;

    reproduktiv yoshdagi aholi, homilador ayollar, yangi tug‘ilgan bolalar kasalliklari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini keng joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

    o‘smirlar orasida reproduktiv a’zolar patologiyasining oldini olish bo‘yicha tibbiy-profilaktika tadbirlarini tashkil etadi;

    xorijiy ilmiy-tadqiqot tibbiyot markazlari, klinikalar va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshiradi;

    sog‘lom oilani shakllantirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishda ilg‘or usullar va texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish, tug‘ma hamda irsiy kasalliklarni erta prenatal va neonatal davrda aniqlash, bolalar o‘limi va tug‘ma nogironlikning oldini olish choralarini ko‘radi.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari mutaxassislarini joriy etilayotgan yangi tizim bo‘yicha o‘qitishni tashkil qilsin.

    3. Belgilansinki:

    a) Markaz Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika “Ona va bola skrining” markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining;

    Markazning hududiy filiallari tegishincha hududiy perinatal, aholi reproduktiv salomatligi hamda “Ona va bola skrining” markazlarining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

    b) Markaz va uning hududiy filiallari tug‘uruqqa ko‘maklashish sohasidagi tibbiyot muassasalari faoliyatiga uslubiy jihatdan rahbarlik qiladi;

    v) yangi tashkil etilayotgan Markaz tarkibidagi aholi reproduktiv salomatligi va skrining xizmatiga Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi hamda Respublika “Ona va bola skrining” markazi uchun amalda belgilangan moliyalashtirish tartibi saqlab qolinadi;

    g) Markazning elektron navbat asosida davolanishga yo‘naltiriladigan va imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarni davolash xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali qoplab beriladi.

    4. Quyidagilar:

    Onalar va bolalar hamda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

    2023-2027 yillarda bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash dasturi 2-ilovaga muvofiq;

    2023-2027 yillarda tug‘uruq komplekslarida qo‘shimcha kiritiladigan tug‘uruq o‘rinlari soni 3-ilovaga muvofiq;

    Hududiy tibbiyot muassasalari uchun xarid qilinishi rejalashtirilgan tibbiy jihozlar taqsimoti 4, 4a – 4o-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

    5. Hududlarda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar
    va Toshkent shahri hokimlariga “yo‘l xaritalari”da belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali ijro etish yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.

    6. Sog‘liqni saqlash vazirligi 2024 yil 1 sentyabrga qadar Markazda zamonaviy hamda xalqaro talablarga javob beradigan eng ilg‘or diagnostika va davolash standartlarini amaliyotga joriy etib, yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini yo‘lga qo‘ysin.

    7. Belgilab qo‘yilsinki:

    Markaz yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini qo‘llash bo‘yicha zamonaviy klinik protokollar va standartlar ishlab chiqadi hamda ushbu yo‘nalishdagi barcha tibbiyot tashkilotlari faoliyatini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi;

    2024 yil 1 oktyabrdan boshlab har yili 100 tagacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullari muvaffaqiyatli qo‘llanganda ushbu amaliyotni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali qoplab beriladi.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi uch oy muddatda bepushtlik sababli farzandsiz bo‘lgan oilalarga, shu jumladan, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga nisbatan yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini qo‘llash tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    8. Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda sog‘lom oilani shakllantirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tug‘ma hamda irsiy kasalliklarni erta prenatal va neonatal davrda aniqlash, bolalar o‘limi va tug‘ma nogironlikni kamaytirish, tug‘ma va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olish ahamiyati va zarurati to‘g‘risida aholi orasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etish choralarini ko‘rsin.

    9. Quyidagilar 2026 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin:

    ushbu qarorga 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan dasturlar doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha chetdan olib kiriladigan yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar, zarur materiallar, dori vositalari va bolalar uchun maxsus oziq-ovqat mahsulotlari;

    fenilketonuriyaga chalingan bolalar uchun O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan maxsus oziq-ovqat mahsulotlari.

    10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga
    5-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    11. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov hamda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari I.E. Basitxanova belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2023 yil 8 sentyabr