Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 17 Aprel 2024 6805

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    So‘nggi yillarda dunyoda talafotli zilzilalar soni ortib, ular aholi hayoti va mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganligi sababli seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini doimiy takomillashtirib borish doirasida mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligini ta’minlash, zilzilani prognozlash, monitoring qilish hamda unga tayyorgarlik ko‘rishda davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro aloqalarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Shu sababli, seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasiga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini yanada oshirish, kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqish va ularga tayyorgarlik ko‘rishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida:

    1. 2024-yil 1-iyundan boshlab:

    MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

    aktiv seysmik himoyalash qurilmalarini o‘rnatish qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan buyurtmachi tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilishi belgilansin.

    Mazkur bandning to‘liq va so‘zsiz ijrosini ta’minlash uchun mas’ullar etib Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (B.Zakirov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

    2. 2024-yil 1-iyuldan boshlab:

    yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilansin;

    bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olinadigan ma’lumotlarning yagona bazasini yuritish orqali monitoring qilish tartibi joriy etilsin.

    Mazkur band doirasida bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunalari majburiy o‘rnatilishini nazorat qilish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (B.Zakirov), ulardan olinadigan ma’lumotlarning yagona bazasini yuritish va monitoring qilish uchun Toshkent arxitektura-qurilish universiteti (B.Tulaganov) mas’ul etib belgilansin.

    3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-iyuldan boshlab:

    MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori ballik yer silkinishi sodir bo‘lganda bino va inshootlarning holati bo‘yicha yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olingan ma’lumotlar tezkor ravishda tahlil qilinadi;

    bino va inshootlarda aniqlangan xavf bo‘yicha zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga (keyingi o‘rinlarda – Respublika kengashi) axborot kiritiladi;

    Respublika kengashi uch kun muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda zilzila natijasida aniqlangan bino va inshootlarning zaif nuqtalarini mustahkamlash va xavfni bartaraf etish choralarini belgilab, ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi.

    Mazkur bandda nazarda tutilgan tartibning yo‘lga qo‘yilishi va bir maromda ishlashini ta’minlash uchun mas’ul etib Respublika kengashi (A.Aripov) belgilansin.

    4. Bino va inshootlar hududlarning seysmik faolligiga muvofiq ravishda qurilishini tashkil etish maqsadida:

    2024-yil 1-iyulga qadar respublikaning barcha tuman va shaharlari hududlari kesimida mintaqaviy akselerogrammalar raqamlashtirilsin hamda ularning onlayn bazalari shakllantirilsin;

    2024-yil 1-avgustdan boshlab xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan obyektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etilsin.

    Mazkur band doirasida mintaqaviy akselerogrammalarni raqamlashtirish uchun mas’ul etib Fanlar akademiyasi (B.Yuldashev) va Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qo‘ldashev), bino va inshootlarni mintaqaviy akselerogrammalarga muvofiq loyihalash va qurish ishlarini nazorat qilish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (D.Adilov) mas’ul etib belgilansin.

    5. 2024-yil 1-iyundan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etilsin.

    Bunda, seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari ularda kuchli zilzila sodir bo‘lganda gaz va elektr tarmoqlarini avtomatik bloklash tizimi mavjud bo‘lgan hollardagina shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan o‘tkazilishi belgilansin.

    Mazkur bandning to‘liq va so‘zsiz ijrosini ta’minlash uchun mas’ul etib Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (B.Zakirov) belgilansin.

    6. Sodir bo‘lgan zilzilalar va fasllardagi namgarchiliklar ta’siridan cho‘kkan hamda deformatsiyalar paydo bo‘lgan bino va inshootlarni mustahkamlash ishlariga ilg‘or, zamonaviy va xavfsiz yondashuvlarni joriy etish maqsadida:

    2024-yil 1-iyulga qadar texnik holati qoniqarsiz deb topilgan mavjud bino va inshootlarni “kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubi orqali qayta tiklash ishlari eksperiment tariqasida amalga oshirilsin;

    2024-yil 1-oktyabrga qadar eksperiment natijalari asosida bino va inshootlar poydevorini mustahkamlash va deformatsiyalarini bartaraf etishda yer ostidan “kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubini amaliyotga to‘liq joriy etish choralari ko‘rilsin.

    Mazkur band doirasida “kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubini amaliyotga joriy etish uchun mas’ul etib Toshkent arxitektura-qurilish universiteti (B.Tulaganov), eksperiment uchun obyektlarni taqdim etishga mas’ul etib Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (K.To‘laganov) belgilansin.

    7. Qurilishda davlat nazorati sifatini oshirish maqsadida 2024-yil 1-iyuldan boshlab yangi qurilayotgan obyektlarning xavf-xatar toifasini hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy inspektorlarning ish tajribasini inobatga olgan holda davlat nazoratini amalga oshirish ishlari tashkil etilsin.

    Mazkur bandning to‘liq va so‘zsiz ijrosini ta’minlash, qurilishda davlat nazoratini amalga oshirishda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari shtat birliklari sonini qayta ko‘rib chiqish uchun mas’ul etib Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (K.To‘laganov) belgilansin.

    8. Quyidagilar:

    Seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri bo‘yicha seysmik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan hududiy chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalari (keyingi o‘rinlarda – hududiy chora-tadbirlar rejalari) 2 – 15-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

    9. “Yo‘l xaritasi” va hududiy chora-tadbirlar rejalarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan:

    “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha – tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlariga;

    hududiy chora-tadbirlar rejalari bo‘yicha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga shaxsiy mas’uliyat yuklatilsin.

    Respublika kengashi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan “Yo‘l xaritasi” va hududiy chora-tadbirlar rejalarida belgilangan vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish uchun mas’ul etib belgilansin.

    10. Respublika kengashi (A.Aripov), Toshkent arxitektura-qurilish universiteti (B.Tulaganov) 2024-yil 1-avgustga qadar Respublika kengashi a’zolari hamda sohaga mas’ul vazirlik va idoralar mutaxassislarini seysmik xavfsizlikni ta’minlash va qurilish nazorati sohasi bo‘yicha rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa muddatli xizmat safariga yuborishni tashkil etsin.

    Respublika kengashi a’zolari hamda sohaga mas’ul vazirlik va idoralar mutaxassislarini xorijga yuborish bilan bog‘liq xarajatlar (transport, mehmonxona, kunlik va boshqalar) Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishi belgilansin.

    11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-mayga qadar hududlarning zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini tasdiqlasin va qonunchilikka muvofiq ushbu reja asosida aholini zilzilaga tayyorlash ishlarini tashkil etib borsin.

    12. Hududlarda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini aniq ilmiy prognozlarga asosan tashkil etish maqsadida 2024-yil 1-maydan boshlab:

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tomonidan zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalarni har oyda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

    xulosalarda kuchli zilzila xavfi haqida ogohlantirish bo‘lganda, tegishli hududlar rahbarlari tomonidan hududlarning zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish rejalariga muvofiq ishlar tashkil etilsin.

    Mazkur bandning to‘liq va so‘zsiz ijrosini ta’minlash uchun mas’ullar etib Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi (Q.Qo‘chqorov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

    13. 2024-yil 1-iyundan boshlab respublika hududida bo‘lib o‘tgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

    Bunda:

    seysmoprognostik monitoring amalga oshirilishini tashkil etish, bo‘lib o‘tgan zilzilalarning raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish va qayta ishlash – Markaz tomonidan;

    zilzilalarning vujudga kelish mexanizmi, darajasi va zilzila darakchilarining turli geodinamik jarayonlarda namoyon bo‘lishi, shuningdek, yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash – Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilansin.

    Kuchli zilzila xavfi bor hududlar aniqlanganda, bu haqidagi ma’lumotlar zudlik bilan Respublika kengashiga kiritib borilsin.

    14. 2024-yil 1-maydan boshlab har bir hududda kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlarini shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.

    Bunda, volontyorlik guruhlariga jalb qilingan fuqarolarga har chorakda qonunchilikka muvofiq kuchli zilzilada harakatlanish qoidalari va tartibi o‘rgatilib, bu yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalari oshirib borilsin.

    Mazkur bandda nazarda tutilgan amaliyotni to‘liq joriy etish, volontyorlar guruhlari faoliyatini doimiy rag‘batlantirib borish uchun mas’ul etib Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qo‘ldoshev) va Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) belgilansin.

    15. Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Fanlar akademiyasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasini (keyingi o‘rinlarda – Assotsiatsiya) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

    Assotsiatsiyaga 16-ilovaga muvofiq asosiy vazifalar yuklatilsin.

    16. Quyidagilar:

    Assotsiatsiya vazirlik va idoralarning sohaga mas’ul mutaxassislari va olimlar hamda xorijiy mutaxassislardan iborat tarkibda Fanlar akademiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda shakllantirilishi va har uch yilda yangilab borilishi belgilansin;

    Assotsiatsiya tomonidan har chorakda tayyorlanadigan takliflar Respublika kengashi tomonidan har yarim yilda muhokamadan o‘tkazilishi va asoslangan takliflar zudlik bilan amalga oshirilishi ta’minlansin.

    17. Seysmik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mohiyatini aholi va keng jamoatchilikka tushunarli tarzda yetkazish ishlarini tashkil etish maqsadida:

    a) O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Djurabayev):

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qo‘ldoshev) bilan hamkorlikda fuqarolarning zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanishiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, lavhalar, roliklar va eshittirishlar tayyorlanishini;

    ishlab chiqilgan media mahsulotlar Milliy teleradiokompaniyaning barcha tele- va radiokanallarida tizimli ravishda efirga uzatilishini ta’minlasin;

    b) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev) Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qo‘ldoshev) bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda seysmik xavfsizlik tadbirlarini amalga oshirish jarayonlari, shu jumladan, fuqarolarning zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanishi bo‘yicha tashkil etilayotgan qo‘mondonlik-shtab, maxsus-taktik va obyekt o‘quv mashqlari haqidagi to‘liq ma’lumotlarning keng yoritilishini tashkil etsin.

    18. Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib favqulodda vaziyatlar vaziri A.X.Qo‘ldoshev hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.I.Zakirov belgilansin.

    Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida har yarim yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2024-yil 17-aprel