“Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti qurilishini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 8 Avgust 2023 4944

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Respublikaning turizm salohiyatini yanada oshirish, innovatsion turizm infratuzilmalarini yaratish va ularga investitsiyalarning jalb qilinishini tashkil etish, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

    1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2021 yil 10 mayda “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish loyihasi (keyingi o‘rinlarda – Loyiha)ni amalga oshirish uchun Moliyaviy protokol hamda ushbu protokol bo‘yicha 2022 yil 22 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida 47,9 million yevro miqdoridagi qarz mablag‘larini jalb qilish yuzasidan Amalga oshiruv kelishuvi imzolanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida tuzilgan Amalga oshiruv kelishuviga belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.

    2. Loyiha doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ tomonidan 20 million AQSH dollari miqdorida taqdim etiladigan kreditning garov ta’minoti sifatida “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha loyiha ofisi” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda – Loyiha ofisi) tomonidan sotib olinadigan uskunalar belgilansin.

    3. Loyiha hududi chegarasigacha tashqi muhandislik tarmoqlari va infratuzilma ob’ektlarini barpo etish ishlarini bajarishda:

    “O‘zsuvta’minot” AJning “Suv ta’minoti va oqova suv ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” UK – suv ta’minoti va oqova suv tarmoqlarini qurish;

    “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ – elektr energiyasi bilan ta’minlash;

    Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi – Loyiha hududidagi davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘lini qurish (yo‘l bo‘yida tashqi yoritish vositalarini o‘rnatish hamda obodonlashtirishni inobatga olgan holda), Loyiha doirasida 2 515 m balandlikdagi o‘rta-stansiyasigacha vaqtinchalik yo‘l o‘tkazish;

    “O‘zbektelekom” AK – telekommunikatsiya tarmoqlarini tortish va o‘rnatish ishlarini bajarish bo‘yicha buyurtmachi etib belgilansin.

    Buyurtmachi etib belgilangan tashkilotlar ikki oy muddatda loyiha tashkilotlarini o‘rnatilgan tartibda o‘tkaziladigan tanlov (tender) savdolari orqali aniqlab, ular tomonidan loyihalashtirish ishlarining boshlanishini ta’minlasin.

    4. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zsuvta’minot” AJ, “O‘zbektelekom” AK Loyiha hududi chegarasigacha tashqi muhandislik tarmoqlari va infratuzilma ob’ektlarini barpo etish bo‘yicha amalga oshiriladigan qurilish-muhandislik ishlarining 2024 yil O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini, shuningdek, mazkur dastur doirasida hududlarni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishini ta’minlasin.

    5. O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha to‘liq yoki qisman xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari (qarzlari, kreditlari) hisobidan O‘zbekiston Respublikasida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida yuridik shaxslar tomonidan olinadigan tovarlarga bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari berilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    Hosil bo‘ladigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi tezlashtirilgan tartibda qoplansin (qaytarib berilsin).

    6. Loyihani amalga oshirish doirasida Loyiha ofisi bilan tuzilgan shartnomalar doirasida transport tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga kirish yig‘imlaridan va O‘zbekiston Respublikasining umumfoydalaniladigan avtomobil yo‘llarida og‘ir yukli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi uchun to‘lovlardan ozod etilsin.

    7. Loyihani amalga oshirish doirasida Loyiha ofisi, bosh pudratchi va loyiha tashkilotlariga O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan tovarlar, jihozlar va uskunalarni “bojxona ombori” bojxona rejimiga rasmiylashtirgan holda pudratchi tashkilotlarning omborlariga joylashtirishga ruxsat berilsin.

    8. Loyihani amalga oshirish doirasida 2024 yil 31 dekabrga qadar:

    Loyiha ofisiga, istisno tariqasida, muhandislik-kommunikatsiya va infratuzilma ob’ektlaridan tashqari qismi uchun qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda (parallel loyihalashtirgan holda) bajarishga ruxsat berilsin;

    jalb qilingan pudratchi tashkilot, shuningdek, Fransiya kompaniyalarining Konsorsiumi a’zosi bo‘lgan “Patriarche”
    kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi hududida loyihalashtirish faoliyatini amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a’zo davlatlarning vakolatli organlari, tashkilotlari, jamiyatlari va birlashmalari tomonidan berilgan ruxsat beruvchi hujjatlar (litsenziyalar)ga asosan amalga oshirishi inobatga olinsin.

    9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–102-son qaroriga 2-ilovadan 592 va 606-pozitsiyalar chiqarib tashlansin.

    10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish
    O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.Mirziyoyev

    Toshkent shahri,

    2023 yil 8 avgust