Toshkent viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining maʼlum qilishicha, voqea 2026-yil 28-avgust kuni Ohangaron shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 6-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida sodir boʻlgan.
2023-yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchi oshxonada hasharotlarga qarshi ishlatiladigan BSM vositasini ichib qoʻygan. Bola zudlik bilan Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq boʻlmagan.
Mavjud maʼlumotlarga koʻra, bolaning buvisi mazkur tashkilot oshxonasida autsorsing tashkiloti xodimi, oshpaz sifatida ishlagan. Hodisa bola buvisining yoniga, oshxonaga kirgan vaqtda sodir boʻlgani aytilmoqda.
Ayni paytda voqeaning barcha tafsilotlari vakolatli organlar tomonidan oʻrganilmoqda. Jumladan, bolaning oshxonaga qanday kirgani, xavfli vosita nima sababdan uning qoʻli yetadigan joyda turgani va mazkur vositani saqlash uchun kim masʼul boʻlgani tekshirilmoqda.
Masʼul tashkilotlar taʼkidlashicha, hodisaning barcha jihatlariga huquqiy baho beriladi. Tergov-surishtiruv ishlari yakunlari boʻyicha aybi aniqlangan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻriladi.