OAV: Isroil 15 yil davomida Livanda peyjerlarni portlatish operatsiyasiga tayyorgarlik ko'rgan

    Isroil 15 yildan beri Livan hududida peyjerlarni portlatish operatsiyasini rejalashtirgan. Bu haqda ABC telekanali manbalarga tayanib xabar berdi.

    Ular yahudiy davlati Livanning turli hududlarida portlagan aloqa moslamalarini ishlab chiqarishda ishtirok etganini tasdiqladi. Buning uchun Isroil peyjerlar ishlab chiqarish bilan bog'liq bo'lgan bir nechta kompaniyalarni tashkil etdi. Qolaversa, ushbu korxonalarning ayrim xodimlari aslida kimga ishlaganliklarini ham bilishmagan.

    Ushbu tashkilotlardan biri Budapeshtda ro'yxatdan o'tgan BAC Consulting bo'lib, shartnoma bo'yicha Tayvanning Gold Apollo kompaniyasi brendi ostida peyjerlar ishlab chiqarishi kerak edi, deya qayd etadi ABC. Biroq, Vengriya hukumati vakili telekanalga ushbu qurilmalar Vengriyada yo'qligini va BAC Consulting faqat “o'rtada savdo vositachisi” ekanligini va mamlakatda hech narsa ishlab chiqarmasligini aytdi.

    ABC manbalari, shuningdek, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi bunday operatsiyalarni tinch aholi uchun o'ta xavfli deb bilishi va shuning uchun o'z faoliyatida bunday usuldan voz kechishini ma'lum qildi.

    Eslatib o'tamiz, 17 va 18-sentabr kunlari Livanda ko'plab aloqa vositalari portlashi sodir bo'lgan edi. Livanning turli hududlarida ratsiyalar, telefonlar, shuningdek, quyosh batareyalari va litiy-ionli akkumulyatorlar vositasida ishlaydigan qurilmalar portladi.

    Livan Sog'liqni saqlash vazirligining so'nggi ma'lumotlariga ko'ra, seshanba va chorshanba kunlari mamlakatda sodir bo'lgan portlashlar oqibatida 37 kishi halok bo'ldi, 708 dan ortiq kishi jarohatlandi, deb xabar beradi report.az.